Rejissyor Zulfiqor Musoqov tez kunda katta ekranga chiqadigan yangi “Xazonrezgi”filmi, undagi aktyorlarning ishtiroki, o`zi uchun sevimli bo`lgan va filmlarida hech qachon hamkorlik qilmaydigan aktyorlari haqida Redpen nashriga bergan intervyusida aytib o`tdi.
“Yangi 26-filmingiz nima haqida?” degan savolga rejissyor:
“Film hech narsa haqida emas. Bu jurnalistlar menga beradigan eng qiyin savol. Bu savolga nima deb javob berishni bilmayman. Yangi filmim-sevgi haqida. Mening hamma filmlarim sevgi haqida. Umuman olganda, men bu film bilan nima demoqchi bo`lganimni tomoshabinlar bir yarim soat vaqt sarflab, kinoni tomosha qilib bilib olishi mumkin. Umid qilamanki, men vanihoyat zamonamiz odamlari, yoshlarimiz haqida film suratga olishga muvaffaq bo`ldim”,—deb javob berdi.
Zulfiqor Musoqov aksariyat filmlarda bir xil aktyorlar ansambli suratga tushayotgani borasida fikr yuritar ekan:
“Ha, keyingi paytlarda bunday hol tez-tez uchrab turibdi. Bobur Yo`ldoshev S menga omad keltiradi. Bundan tashqari, u ajoyib aktyor. Tabiiyki, mening yangi filmimda ham unga kichik, komedik rol berdik.
Mening sevimli aktyorlarim – o`zbek kinosining afsonasi Xusan Sharipov, Munavvar Abdullaeva, Fotima Rejametova, Shahzoda Matchonova. Biroq, ayrim aktyorlar borki, men ularni hech qachon filmlarimda suratga olmayman. Ularning ismini aytib o`tirmayman”, – deydi rejissyor.
Shuningdek, Zulfiqor Musoqov “Vatan” va “Qo`rg`oshin” filmlarini suratga olish qiyin kechganini, mazkur filmlar ssenariylari 3-4 yillab kitob javonida yotganini aytib o`tdi.





