Davlat statistika organlarida shu yilning 10 mart-10 aprel kunlari korrupsiyaga qarshi monitoring doirasida kuzatuvlar o`tkaziladi. Bu haqda qo`mita axborot xizmati xabar bermoqda.
Monitoring o`tkazishdan maqsad tizimdagi korrupsiya holatlarining o`ziga xos xususiyatlarini aniqlash va uning natijalari bo`yicha korrupsiya darajasini pasaytirish usullarini izlashdir.
“Sizning mazkur so`rovnoma savollariga bergan javoblaringiz yordamida aniq va to`liq ma`lumot olishga, uni tahlil qilib to`g`ri xulosa chiqarishga umid qilamiz”,—deyiladi xabarda.
O`z navbatida, davlat statistika qo`mitasi so`rovnomaning anonim hisoblanishi, respondentning shaxsiga oid ma`lumotlar hech qaerda ko`rsatilmasligi va savollarga berilgan javoblar faqat umumlashtirilgan holda ishlatilishi, shuningdek javoblar fuqarolarga qarshi ishlatilmasligini kafolatlaydi.





