Dominikan Respublikasiga dam olishga borgan rossiyalik ayol Zika virusini yuqtirganligi aniqlandi, deya xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
Bu ayol Rossiya fuqarolari orasida Zika virusini yuqtirgan ilk odamdir. Ayol Moskvaga qaytganda uni hech nima bezovta qilmagan, oradan bir necha kun o`tgach, o`zini yomon his qilib, issig`i ko`tarilgan va toshma toshgan. U zudlik bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasi boksiga joylashtirilgan. Hozirda uning ahvoli qoniqarli darajada, oila a`zolari kuzatuv ostiga olingan, ularda virus aniqlanmagan. Dominikan Respublikasidan ayol uchib kelgan samolyot bortida ham epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o`tkazilib, yo`lovchilar tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan, ularda kasallik aniqlanmagan.
Rossiya iqlimi sharoitida kasallikning tarqalish xavfi mavjud emas. Bu kasallik Afrika, Osiyo, Janubiy Amerika orqali butun er yuziga shiddat bilan tarqalmoqda. U asosan Aedes aegypti pashshasi chaqqandagina yuqadi. Hozircha uning jinsiy yo`l bilan yuqish-yuqmasligi aniqlanmagan. Virusga qarshi kurashuvchi vaksina topilmagan. Kasallik baland harorat va toshma bilan birgalikda kechadi. Tadqiqotlarga qaraganda, Braziliyada bu kasallik minglab chaqaloqlarning miya kasalligi bilan tug`ilishiga sabab bo`lgan.





