AsosiyJamiyat

“Ommaviy madaniyat”ning sovuq sharpasi yoxud “Valentin kuni”

O`zbek xalqi tarixida o`chmas iz qoldirgan, nafaqat xalqimiz balki dunyo ma`naviy xazinasiga o`zining betakror asarlari bilan munosib hissa qo`shgan buyuk bobokalonlarimizdan biri, shubhasiz, Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlaridir.

Nafaqat buyuk davlat arbobi va sarkarda, balki olim va shoir, ulug` mutafakkir sifatida dunyo ahli uning ijodi yuksak e`tibor va hurmat bilan qaraydi.

U asarlari haqida so`z yuritadigan bo`lsak, eng avvalo, ulug` mutafakkirning shoh asari– “Boburnomani” tilga olishimiz lozim bo`ladi. Ushbu nodir asar bugungi kunda dunyoning 31 tiliga tarjima qilingan. G`arbning mashhur olimlari, xususan, fransiyalik Pave de Kurteyl, angliyalik olimlar J.Leyden, V.T.Albot, R.Koldekot, A.Beverej, germaniyalik olimlar A.Keyzer va Yu.Klaynrat va boshqalar “Boburnoma” mazmun va mohiyatini jahon ahliga etkazganidan buyuk sharaf tuyganlarini e`tirof etganlar.

Ma`lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur Hindiston davlatchiligi tarixida ham katta iz qoldirgan yirik davlat arbobidir.Hindlarning ulkan e`tiroflarga sazovor bo`lgan vatanparvarlaridanJavaharla`l Neru Zahiriddin Muhammad Bobur haqida quyidagi fikrlarni bildirgan:“Bobur Hindistonga kelgandan keyin, katta siljishlar yuz berdi va yangi rag`batlantirishlar hayotga, san`atga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”.

Biz avlodlar ulug` bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va serqirra ijodiga hurmat ila,uni chuqur o`rganishimiz, qolaversa,butun dunyoga targ`ib qilishimiz zarur.

Shu o`rinda bir mulohaza bilan o`rtoqlashishni istar edim. Barchamiz bilamizki, 14 fevral sanasi Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud topgan kunidir. Shu bois, ulug` ajdodimizning boy ma`naviy merosiga yuksak hurmat va ehtirom tuyg`usi ila, ko`pgina davlatlar ushbu kunni biz singari keng nishonlab kelishadi. Bu albatta, barchamizga cheksiz quvonch, faxr va iftixor bag`ishlaydi.

Biroq achchiq bo`lsada ta`kidlash zarurki, ayrim yoshlarimiz (ular ko`pchilikni tashkil etmasa ham) tomonidanushbu kun milliy mentalitetimiz, xalqimiz ming yillar davomida ko`z qorachig`idek asrab avaylab kelgan qadriyat va urf-odatlarimizga yot bo`lgan bir “bayram”ni hali hanuz ayrim tor doiralarda nishonlab kelishmoqda.

Bu hol ayniqsa, 14 fevral sanasi arafasida global tarmoqda urchib ketadi. To`g`ri, so`nggi yillarda yurtimizda izchillik bilan olib borilgan ma`naviy islohotlar, evrilishlar mahsuli o`laroq, Internet tarmog`ining milliy segmentida “Valentin kuni” yoxud “Sevishganlar kuni” singari “ommaviy madaniyat” unsurlari keskin bartaraf etildi. Biroq ta`kidlash joizki, milliy o`zlik va o`zimizga xos tafakkur tarziga ziyon etkazishi mumkin bo`lgan bunday illatlarga murosasiz bo`lish, nazarimizda, bugungi kunning bosh talabidir.

Agarda “Valentin kuni” tarixiga nazar solsak, ma`lumotlarda u qadimiy Rimda tug`ilishni ko`paytirish maqsadida erotik festival sifatida joriy qilingan, deyiladi. O`sha zamon va shahar madaniyati hamda axloqidan kelib chiqib, aytish kerakki, u davrda hali din paydo bo`lmagan edi.Axloqsizlik targ`ibotchilari, ya`ni bundan mo`may daromad topish niyatidagi chaqqonlar esa 17-asrda Fransiyada va 18-asrda Angliyada ushbu kunni bayram sifatida targ`ib qila boshlashgan. Ushbu tendensiya G`arbda yanada ommalashib, bugun o`zining betartib “meva”larini berayotganiga guvoh bo`lib turibmiz.

G`arbning bugungi qiyofasiga bir nazar solsak,G`arb odamlarining oila qadriyatlariga munosabati, bir jinsli nikohlar,axloqsizlik girdobining tobora chuqurlashib borayotgani sog`lom fikrli inson borki, xavotirlantirmay qolmaydi.

Yana bir mulohaza: “Valentin kuni”ning dinimiz yoki xalqning qadimiz urf-odatlari bilan bog`liq jihatlari mutlaqo yo`q. Aksincha, uning ildizlari axloqsizlikka borib taqalishi tarixdan ma`lum.Mamlakatimiz aholisi ko`p millatli va ko`p konfessiyalidir. Qolaversa, o`zbek xalqiga xos qadriyatlardan biri bag`rikenglikdir.Biroq kelib chiqishi va asosi axloqsizlikka borib taqaladigan bunday “bayram”ning yoshlarimiz orasida ommalashuviga shunchaki tomoshabin bo`lib turish, yurt kelajagi va asrlar davomida asrab-avaylab kelinayotgan o`lmas qadriyatlarimizga xiyonatdir. Nazarimizda, bunday holatlarda javobimiz keskin va murosasiz bo`lishi zarur.

Faxriddin SOLIEV,

O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari

va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi

 huzuridagi Axborot xavfsizligini ta`minlash

markazi bosh mutaxassisi

    Boshqa yangiliklar