“Darakchi” muxbiri bilan suhbatda aktyor Murod Rajabov taqdirga ishonish ishonmasligi haqida gapirdi.
“Men taqdirga ishonaman. O`ylashimcha, Olloh o`z maqsadiga qiyinchilik bilan erishgan insonni qo`llaydi. Bundan bir necha yil ilgari hayotimda g`ayritabiiy voqea sodir bo`lgan. O`shanda Farg`ona viloyatidagi gastrol safaridan qaytayotgan edik. Yarim tun. Atrof qop-qorong`u. Avtobus haydovchisidan bir muddatga to`xtashini so`radim. Uzoq muddat o`tirganimdan oyoqlarim uvushib qolgan edi. Bir payt uzoqdan menga qarab turgan soch-soqoli oppoq, hassali cholni ko`rib qoldim. U qo`llarini tez-tez qimirlatib, meni ortga qaytishga undardi. Men shu darajada qo`rqib ketdimki, tezda avtobusga chiqib, haydovchidan tezroq bu erdan ketishni so`radim. Ertasi kuni esa radio orqali kecha biz to`xtagan joyda kuchli sel kelishi yuz berganini eshitdim. Bu voqeadan keyin mistikaga ishonmay bo`ladimi?” — deydi aktyor.





