Respublikamiz hududida 2016 yilning 1 fevralidan 1 martiga qadar «Yoshlar orasida giyohvandlik vositalarini tarqalishiga qarshi kurash oyligi» o`tkazilmoqda.
Ushbu oylik doirasida Transportdagi Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan bilan hamkorlikda 5 fevral kuni Toshkent temir yo`l transport kasb-hunar kollejida «Biz giyohvandlikka qarshimiz» mavzusida davra suhbati tashkillashtirildi.
Tadbirni o`tkazishdan ko`zlangan asosiy maqsad – mamlakatimizda narkotik vositalarini tarqatish, sotish va iste`mol qilish hollarini oldini olish, yoshlar orasida narkotik moddalarning zarari va og`ir oqibatlarga olib kelishi haqida ichki ishlar xodimlari tomonidan targ`ibot va tashviqot ishlarni olib borish va “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tizimlari xodimlariga va ta`lim muassasalari talaba va o`quvchilariga narkotik vositalari bilan bog`liq bo`lgan jinoyatlar haqida tushunchalar berib, ularni sodir etayotgan shaxslarning jinoiy faoliyatiga chek qo`yishga qaratilgan.
Giyohvandlik butun dunyoda keng jamoatchilikni tashvishga solayotgan eng dolzarb muammolardan hisoblanadi. Zero, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog`liq jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi juda yuqoridir. Narkotik va psixotrop moddalarni iste`mol qilishning ortishi birinchi o`rinda og`ir kasalliklar va jinoyatlar sodir etilishining ko`payishiga olib keladi.
Respublikamizda giyohvandlikka qarshi keskin kurash kechayotgan, zarur amaliy-huquqiy choralar ko`rilayotgan bir paytda, giyohvandlik vositalari bilan noqonuniy muomala qilish bilan bog`liq jinoyatlar kamaymayapti.
Davra suhbatida Toshkent transport prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi Transportdagi IIB Toshkent temir yo`l bekatidagi tarmoq IIB xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.





