Shvesiyada yangi “qahramon” paydo bo`ldi, deb yozadi “Podrobno.uz” nashri.
Shvesiya OAVlari 23 yoshli o`zbekistonlik Azamjon Shokirovning shvesiyalik qizni uni zo`rlamoqchi bo`lgan qochoqlar guruhidan qutqarib qolgani haqida ma`lumot bermoqda.
Kalmar shahrida yashab, u erda avtomexanik bo`lib ishlaydigan Azamjonning so`zlariga ko`ra, voqea Yangi yilga bag`ishlangan bayram tadbiri bo`lib o`tgan kechada yuz bergan. Kalmar shahri markazida Yangi yil bayramini nishonlaganidan so`ng do`stlarini uylariga olib borib qo`ymoqchi bo`lgan. U alkogolli ichimliklar ichmasligi sababli do`stlari uning bu qarorini ma`qullagan.
Do`stlarini uylariga kuzatib qo`ygach, Azamjon kafe yonidan o`tayotganida mast holatdagi qizni bir nechta kishi xalqa hosil qilgan holda o`rab olganini ko`rib qoladi.
Jurnalistlarning keyinroq bergan ma`lumotlariga ko`ra, ular 7-8 kishi bo`lgan. Ulardan ikkitasi qizga yaqinlashib, unga tegina boshlaydi. Qiz esa ketmoqchi bo`ladi.
Azamjon mashinadan tushib, qizga uyiga eltib qo`yishni taklif qiladi. Shunday qilib, u qizni avtomobiliga o`tqazib olib ketadi. Qizni o`rab olgan boshqa yigitlar unga notanish tilda nimalardir deb baqiradi.
Azamjon qiz uy manzilini ko`rsatmaguncha bir soatcha uni olib yuradi. Qiz o`ziga kelib, uy manzilini ko`rsatadi va Azamjon uni onasi qo`liga topshiradi.
Azamjon Shokirov bundan besh yil avval oilasi bilan Shvesiyaga ko`chib kelgan. U o`z ishini “qahramonlik” deya baholashlarini istamasligini ta`kidlagan.
“Hamma bir-biriga yordam berishi kerak. Qizga yordam berganim ‘qahramonlik’ emas, tabiiy holat”, — dedi Azamjon gazetalarga bergan intervyusida.





