AsosiyJamiyat

Yong`in xavfsizligi qoidalarini buzgan mansabdor shaxslardan qariyb 62 million so`m jarima undirildi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 noyabrdagi “Har yili yong`in xavfsizligi oyligini o`tkazish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog`iston Respublikasida ham yong`in xavfsizligi oyligi uyushqoqlik bilan o`tkazildi. 

Oylik davomida aholi punktlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob`ektlarida yong`in xavfsizligini ta`minlash choralarini kuchaytirish, keng ko`lamli targ`ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etish barobarida nazorat profilaktika ishlariga ham alohida e`tibor qaratildi. 
Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, gaz va elektr korxonalari vakillari ishtirokida 826 korxona-tashkilot, 708 umumta`lim maktabi, 307 maktabgacha ta`lim muassasasi, Mehribonlik uyi va maktab-internatlari, oliy va o`rta maxsus ta`lim hamda tibbiyot muassasalarida yong`in xavfsizligini ta`minlash bo`yicha monitoring o`tkazilib, aniqlangan kamchilik va nuqsonlar bartaraf etildi. 

– O`tkazilgan reydlar davomida 40 mingdan ziyod hovli-joy, mingdan ziyod ko`pqavatli uylarda yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi tekshirildi, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong`in xavfsizligi boshqarmasi boshlig`i, podpolkovnik Ulmurat Turdimuratov. – Yong`in xavfsizligi qoidalarini buzgan 846 nafar mansabdor shaxs va fuqaroga nisbatan 61 million 948 ming so`m miqdorida jarima solindi. Yong`in chiqish xavfi bo`lgan 291 ishlab chiqarish korxonasi va omborxonalar faoliyati vaqtincha to`xatildi. Nosoz holda bo`lgan 1 ming 581 gaz va elektr uskunasidan foydalanish taqiqlandi. Yong`in sodir bo`lganda foydalaniladigan hovuzlar, gidrantlar, rezervuarlarning texnik holati o`rganildi.

Ayni paytda Yangi yil bayrami tadbirlari o`tkaziladigan hududlarda yong`in xavfsizligini ta`minlash choralari ko`rilmoqda. Boshqarma va uning tuman, shahar bo`limlari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida yong`in xavfsizligi xizmati xodimlarining shayligi ta`minlangan.

    Boshqa yangiliklar