O`zbekiston Milliy matbuot markazida “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori sohadagi ishlar ko`lamini yangi bosqichga ko`tarishga xizmat qiladi. Qarorga muvofiq, Konsert-tomosha faoliyatini lisenziyalash to`g`risidagi hamda Lisenziya uchun davlat boji stavkalari, konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish uchun bir marotabalik ruxsatnoma berish tartibi haqidagi nizomlar tasdiqlangan.
Ilgari tijorat va reklama maqsadida tashkil etiladigan konsert-tomoshalari uchun guvohnoma berilgan bo`lsa, endi har bir o`tkaziladigan tadbir ssenariysi va dasturlari mutaxassislar tomonidan o`rganilib, bepul ruxsatnoma beriladigan bo`ldi. Milliy estrada san`atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi tomonidan yakkaxon ijrochilarning professional mahoratini oshirish va ijodini xolisona baholash maqsadida har yili jonli ijro asosida mahorat sinovlari tashkil etiladi. Sinovdan o`tolmagan san`atkorlar 3 oydan so`ng qayta imtihon topshiradi.
Tadbirda milliy an`ana va qadriyatlarimizga, axloq-odob qoidalariga mos keladigan qo`shiq va kliplar yaratish, yosh ijrochilarning ma`naviy olamini yuksaltirishga qaratilgan ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan yosh ijrochilarning xulq-atvori, sahna madaniyati, qo`shiqlar matni va mazmunini yanada boyitishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda soha mutaxassislari, san`atkorlar ishtirokida mahorat saboqlari muntazam o`tkazilmoqda.
Matbuot anjumanida san`atkorlarga lisenziya berish tartibini kuchaytirish, ijrochilarga qo`yiladigan talablarni oshirish, aholiga madaniy xizmat ko`rsatishda ularning huquq va burchlarini belgilash masalalari bo`yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob berdi.





