Ayrim hududlarda elektr tokining vaqti-vaqti bilan berilishini hududdagi qarzdorlik bilan izohlanadi. Ammo hududdagi aksariyat xonadonlar elektr energiyasi iste`moli uchun oyma-oy pul to`lab turishadi. Ularning elektr energiyasidagi bunday uzilishlardan zarar ko`rmasliklari uchun qanday chora-tadbirlar belgilangan?
"O`zbekenergo"AJ "Energosotish" filiali direktori R.Ostonov javob beradi:
- O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 22 avgustdagi 245-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish" qoidalarining 149-bandiga ko`ra, elektr energiyasi iste`molchiga uning bilan tuzilgan elektr ta`minoti shartnomasiga muvofiq etkazib beriladi.
Elektr energiyasi iste`molini cheklash, shuningdek, iste`molchilar yuklamalari jadvallarini tartibga solish bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, cheklashlar jadvaliga muvofiq "O`zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati tomonidan tasdiqlangan tartibda amalga oshiriladi.
Yuqorida nomi keltirilgan Qoidaning 151-bandiga ko`ra, elektr energiyasini cheklash va uzib qo`yish jadvallari yagona elektr energetikasi tizimida elektr energiyasi va quvvat tanqisligi hollarida elektr stansiyalari va elektr tarmoqlari uskunalarining yo`l qo`yib bo`lmaydigan sharoitlarda ishlashining oldini olish, yagona elektr energetikasi tizimining barqaror parallel ishlashini ta`minlash, avariyalar yuzaga kelishining oldini olish hamda iste`molchilarning tartibsiz uzib qo`yilishini bartaraf etish uchun tuziladi.





