Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 12 noyabr kuni Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston – Latviya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sanoat, sarmoya, atrof-muhitni muhofaza qilish, fan-ta`lim, qishloq va suv xo`jaligi, oziq-ovqat sanoati, sog`liqni saqlash, sayyohlik, axborot texnologiyalari, transport va transport kommunikasiyalari, temir yo`l, aviatashuv, tranzit, logistika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalar uchun mas`ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O`zaro tovar ayirboshlash hajmi muntazam oshmoqda. 2014 yilda bu ko`rsatkich 245,7 million, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida qariyb 135 million dollarni tashkil qildi. O`zbekistonda Latviya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 32 qo`shma korxona faoliyat ko`rsatmoqda. Ular mebelsozlik, neftni qayta ishlash, to`qimachilik, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, poligrafiya, transport va logistika, ulgurji savdo va xizmat ko`rsatish kabi sohalarga ixtisoslashgan. Yurtimizda Latviyaning 16 kompaniyasi o`z vakolatxonasini ochgan.
Shu kuni O`zbekiston va Latviya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi ham bo`lib o`tdi. Unda ikki mamlakatning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, mavjud imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanish masalalari muhokama qilindi. Fan va texnika, import-eksport, yuk tashish, oziq-ovqat sanoati sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga Latviya kompaniyalarini keng jalb etish yuzasidan fikr almashildi.





