O`zbekiston Milliy matbuot markazida Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.
Bugungi kunda qishloq xo`jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida 180 turdan ortiq meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyo bozorlariga eksport qilinayotir. Oziq-ovqat mahsulotlarini me`yorlarga mos holda aholiga uzluksiz etkazib berish, sifati va xavfsizligini ta`minlashga erishilmoqda. Misol uchun, 1990 yilda aholining oziq-ovqat, xususan, go`sht, sut, qandolat mahsulotlariga bo`lgan ehtiyoji asosan import hisobidan qondirilgan bo`lsa, hozirgi kunga kelib, ushbu mahsulotlarning 96 foizi yurtimizda ishlab chiqarilmoqda.
Tizimdagi korxonalarda uch mingdan ortiq nomdagi mahsulot tayyorlanmoqda.
Uyushmada joriy yilda o`tgan yilning shu davriga nisbatan 16,5 foiz o`sishga erishildi. Yuzga yaqin turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo`lga qo`yilib, o`n mingdan ortiq ish o`rni yaratildi.
Hozir yurtimizda o`n mingga yaqin korxona oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug`ullanmoqda.
Matbuot anjumanida yaqin besh yilda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasi bir yarim barobar, konserva ishlab chiqarish ikki barobar ko`payishi qayd etildi. Buning uchun yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, mavjudlarini modernizasiyalash maqsadida 2020 yilga qadar umumiy qiymati 910 million dollar bo`lgan loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.





