AsosiyJamiyat

«Lukoyl» O`zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishga $5 milliarddan ortiq investisiya yo`naltirdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10 noyabr kuni Oqsaroyda «LUKOYL» neft kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O`zbekiston neft-gaz tarmog`ida qo`shma loyihalarni amalga oshirishda ushbu kompaniya faol ish yuritayotganini ta`kidladi. 

Bugungi kunda «LUKOYL» Havzak, Shodi, Qo`ng`irot konlari va Qandim konlar guruhi kabi istiqbolli gaz konlarini o`rganish va o`zlashtirish, Janubi-g`arbiy Hisor va Ustyurt mintaqasidagi neft-gaz uchastkalarini o`rganish bo`yicha investisiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. Hamkorlikdagi geologiya-qidiruv ishlari doirasida Orol dengizi akvatoriyasining O`zbekiston qismida istiqbolli uglevodorod konlari topildi.

Kompaniyaning mamlakatimizdagi loyihalarni amalga oshirishga yo`naltirgan jami investisiyalari hajmi 5 milliard dollardan oshdi.

«LUKOYL» ayni paytda eng ilg`or texnologiyalarga asoslangan Qandim gazni qayta ishlash zavodi qurilishiga kirishdi. Bu zamonaviy zavod yiliga 8 milliard kub metr tabiiy gazni chuqur qayta ishlash quvvatiga ega bo`ladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Uchrashuvda V.Alekperov 2018 yilda foydalanishga topshirilishi mo`ljallangan ushbu loyiha O`zbekiston sanoatini yanada rivojlantirish va kengaytirishga qaratilgan 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o`zgartirish va diversifikasiyalash dasturi doirasida amalga oshirilayotganini ta`kidladi.

«LUKOYL» kompaniyasi O`zbekiston neft-gaz tarmog`idagi investisiyaviy loyihalar doirasida qabul qilgan barcha majburiyatlarini to`la va o`z vaqtida bajarishini qayd etdi.

Muloqot chog`ida jahon va mintaqa uglevodorod xomashyosi bozoridagi bugungi vaziyat yuzasidan fikr almashildi, uzoq muddatli va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy istiqbolli yo`nalishlari muhokama qilindi.

    Boshqa yangiliklar