AsosiyJamiyat

«Ijtimoiy fikr»: “97,5 foiz aholi yigit va qizlar majburiy tibbiy ko`rikdan o`tishi shart, deb hisoblaydi”

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o`rganish markazi «Oila va jamiyat: ma`naviy va axloqiy olam» mavzusida ijtimoiy so`rov o`tkazdi.

Ijtimoiy so`rovdan ko`zlangan asosiy maqsad oila va nikoh, farzand tarbiyasi, barkamol avlodni shakllantirish masalalari bo`yicha jamoatchilik fikridagi ustuvor tendensiyalarni aniqlashdan iborat bo`ldi. So`rov mamlakatimiz hududlarida barcha ijtimoiy guruhlar, jumladan, erkaklar, ayollar, yoshlar, turli millat va diniy konfessiyalar vakillari, shahar va qishloq aholisi o`rtasida o`tkazildi, deya xabar beradi O`zA.

So`rov shuni ko`rsatdiki, ishtirokchilarning 83,7 foizi yigit va qizlarni nikohga tayyorlash mustahkam va baxtli oila qurishning zarur shartlaridan biri ekanini tasdiqladi. Ushbu jarayonda oiladagi tarbiya muhim o`rin tutadi. Ishtirokchilarning yarmidan ko`pi ota-onalar o`zi ibrat bo`lib, farzandlarini mustahkam va farovon oila qurishga tayyorlashi kerak, deb hisoblaydi.

So`rovda ishtirok etganlarning aksariyat ko`pchiligi – 97,5 foizi yigit va qizlar majburiy tartibda tibbiy ko`rikdan o`tishi shart, deb hisoblaydi. Bu jamiyatning sog`lom farzandlar tug`ilishi va bo`lajak oilalarning ijtimoiy farovonlikka intilishi uchun mas`ulligidan dalolat beradi.

Aksariyat fuqarolar (91 foizi) fikricha, farzand tarbiyasi ota-onaning eng muhim vazifasi va burchidir.

So`rov mustaqillik yillarida oilaviy munosabatlar demokratlashib, fuqarolar oila majburiyatlari er va xotin, ota va ona o`rtasida  taqsimlanayotgani, jamiyatimiz va oilada xotin-qizlarning maqomi yuksalib borayotganini tasdiqladi. Bundan tashqari, oila va uning a`zolari hayotiga taalluqli muhim masalalar bo`yicha qarorlarni oila boshliqlari birgalikda qabul qilmoqda. Ishtirokchilarning aksariyati (72,1 foizi) farzandlarini tushunishi va ular bilan munosabati yaxshi ekanini qayd etgan. 

    Boshqa yangiliklar