O`zbekistonda pnevmokokk infeksiyasiga qarshi yangi vaksina joriy etildi. Poytaxtimizda shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari, Bosh davlat sanitariya vrachi S.Saydaliev, Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi O.Go`zalovlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda milliy emlash taqvimi yaratilib, 18 yoshgacha bo`lgan bolalar 10 dan ortiq kasallikka qarshi emlanmoqda.
Bunday keng ko`lamli chora-tadbirlar natijasida ilgarilari bolalar salomatligiga jiddiy tahdid tug`dirgan ko`plab kasalliklarning oldini olish, epidemiologik barqarorlikni ta`minlashga erishilmoqda. Milliy emlash taqvimiga kiritilgan immunoprofilaktika tadbirlariga ketadigan mablag`lar davlat byudjetidan moliyalashtiriladi. 2015 yilda ushbu maqsadlar uchun 13 milliard 600 million so`m mablag` ajratildi.
Pnevmokokk o`pka, miya va yurak qobig`i, quloq, burun bo`shliqlari, nafas yo`llari, bo`g`imlar yallig`lanishi kabi og`ir xastaliklarni keltirib chiqaruvchi xastalikdir. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, dunyoda har yili 1,6 million aholi, jumladan, 800 ming bola ushbu infeksiya tufayli kelib chiqadigan og`ir kasalliklardan nobud bo`lmoqda.
Mamlakatimizda yangi vaksinani amaliyotga joriy etishga jiddiy tayyorgarlik ko`rildi. 8 mingdan ziyod o`rta tibbiyot xodimi emlash ishlarini amalga oshirish bo`yicha maxsus tayyorgarlikdan o`tdi. Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan umumiy amaliyot vrachlari va patronaj hamshiralar ishtirokida maxsus o`quv-uslubiy mashg`ulotlar tashkil etildi.
Sog`liqni saqlash vazirligi bosh epidemiologi Nurmat Otaboevning aytishicha, pnevmokokk havo orqali yuqadi. Kasallikning yashirin davri uch kungacha davom etadi. Infeksiya, ayniqsa, immuniteti zaif bolalarga xavf tug`diradi. Ushbu kasallikdan himoyalanishning eng samarali yo`li go`dakni emlatishdir. Emlash tadbirlari ikki, uch, o`n ikki oylik bolalar o`rtasida o`tkaziladi. Ushbu vaksina bolada kasallikka qarshi kuchli immunitet hosil qiladi.
Emlash ishlarini amalga oshirishda foydalaniladigan, jahon tibbiyoti amaliyotida keng qo`llanilayotgan eng samarali emlash vositalari mamlakatimizga olib kelinib, tegishli tartibda tibbiy laboratoriya sinovlaridan o`tkazildi. O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlandi va joylardagi emlash punktlariga etkazib berildi. Aholining xabardorlik darajasini oshirish maqsadida xonadonlar, mahallalarda tushuntirish ishlari olib borildi.





