AsosiyJamiyat

Noto`g`ri ogohlantirish va ichimlik suvi mashmashalari qanday hal etildi?

 “NEGA OGOHLANTIRISh XATI KELDI?”

Mahallamizning yarmida gaz bor, yarmida yo`q. Qishda menga o`xshagan qariyalarga uyda o`tirish juda qiyin bo`lib qoladi. Bundan tashqari ichimlik suvi masalasi ham bor. Suv idorasidan menga 715 000 so`m qarzdorlik haqida ogohlantirish xati keldi. Kod raqami esa 062/0468 yozilgan. Mening kod raqamim esa 062/0476. Vaholanki, menga 2014 yil qarzdorligim yo`qligi haqida ma`lumotnoma berishgandi. 2015 yil uchun ham to`lovni amalga oshirib kelyapman. 10 kun ichida agar qarzdorlikni to`lamasam, har bir kechiktirilgan kun uchun esa penya olinarkan, ish sudga oshirilarkan. Ana shu masalani echishda yordam bersangiz.

Sh.Hamdamov,

Samarqand shahri, Maysazor mahallasidan

BIRINIKI BOShQASIGA?!

O.Ochilov, Samarqand viloyat hokimining o`rinbosari:

— Tabiiy gaz ta`minoti bo`yicha “Samarqandshahargaz” filiali tomonidan belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida Maysazor mahallasidagi aholi xonadonlarning gaz ta`minoti yaxshilandi. Ichimlik suvi bo`yicha Zarafshon ko`chasi 2-berk ko`cha 48-uy avval bitta hovli bo`lgan, hozirda ikkiga bo`linib, alohida ikkita xonadon hisobida kelmoqda.

Birinchi 48-xonadon Xojimamedova Temuraning (to`lov kodi 062/0468)ga tegishli bo`lib, Zarafshon ko`chasi 2 berk ko`cha 48-A uy hisoblanadi. Ichimlik suvidan bo`lgan qarzni to`lash uchun yuborilgan ogohlantirish xati aslida Zarafshon ko`chasi 2-berk ko`cha 48-uyda yashovchi Xojimamedova Temuraning qarzi hisoblanadi, anglashilmovchilik sababli Sh.Hamdamovning qo`liga borib etgan. Vaziyat o`rganilgan, Sh.Hamdamov “Suvoqava” IChDKga  e`tirozi yo`qligini bildirdi.

TAHRIRIYaT: ushbu murojaatdagi ikki masalaning o`rganilgan natijalari bo`yicha Maysazor mahalla raisi N.Qosimovaning ma`lumotnomasi va Sh.Hamdamovning tushuntirish xati ham ilova qilingan. Ammo bugungi kunda barcha sohada markazlashgan tizim amalga tatbiq etilayotgan davrda, bunday anglashilmovchilikka yo`l qo`yilishi qanchalik to`g`ri? Vaholanki, mazkur  fuqaroga ogohlantirish xati anglashilmovchilik sabab yo`llanganini hududning o`zidayoq hal etish qanchalik vaqt talab etadi?

  • Ichimlik suvi

8 YILLIK MASALA: KIM HAL ETADI?

Mana 8 yildirki, ichimlik suvi masalasi hal etilmay kelmoqda. Sal kam 1 kilometr uzoqlikdagi Norin daryosidan suv tashiymiz. Juda ko`p marotaba kerakli tashkilotlarga murojaat qildik. Natija bo`lmagach, mahalla fuqarolari o`z hisobidan bu muammoni hal etmoqchi edik, ammo uddalay olmadik. Ilojsizlikdan sizlarga murojaat qilyapmiz.

T.Usmonov, Namangan viloyati

Uchqo`rg`on tumani Chek mahalla

3-tor Hamza ko`chasidan

DAVLAT MABLAG`ALARI NIMA UChUN SARFLANADI?

T.Dadabaev, Namangan viloyati hokimining o`rinbosari:

— Fuqaro murojaati mutaxassislar tomonidan joyida chiqib o`rganildi. O`rganish jarayonida Uchqo`rg`on tumani Chek mahalla Hamza 3-berk ko`chasidagi 8 ta xonadondan 4 ta xonadon egalari o`z hisoblaridan Hamza ko`chasidan o`tgan D-76 markaziy tarmog`idan  ichimlik suvini tortib olganliklari, fuqaro T.Usmonov xonadonida ichimlik suvi chiqib turganligi hamda boshqa xonadonlarda ichimlik suvi yo`qligini aniqlandi.

Arizachi T.Usmonov bilan suhbatlashilganda, yilning mart-aprel oylarigacha ichimlik suvi bir me`yorda bo`lishi, biroq kunlar isishi bilan ichimlik suvga talab ortishi natijasida ta`minotda tanqisliklar kuzatilishini ta`kidladi.

Arizachi va ushbu ko`chadagi xonadon egalariga davlat kapital mablag`lari hisobidan asosan yangi inshootlar qurish hamda markaziy ko`chalarga ichimlik suv tarmoqlarini tortish ishlarining bajarilishi, ichki ko`chalarga esa tuman suv ta`minoti korxonasidan ruxsat olgan holda aholi o`z mablag`lari hisobidan ichimlik suv tarmog`i tortishi lozimligi tushuntirildi.

Shuningdek, tuman “Uchqo`rg`on ichimlik suv” sho``ba korxonasiga MFYda iste`molchilarni xatlovdan o`tkazish hamda ichimlik suvidan samarali foydalanish choralarini ko`rish bo`yicha tegishli ko`rsatmalar berildi.

TAHRIRIYaT: Namangan viloyat hokimligi tomonidan ushbu holat nazoratga olinganligi ham ma`lum qilingan. O`ylaymizki, murojaatdagi hudud iste`molchilarining ichki ko`chalarga o`z hisobidan ichimlik suvi tarmog`i tortilishi borasidagi sa`y-harakatlarida  ham viloyat hokimligi o`z yordamini ayamaydi, tushuntirishlar beradi.

  • Va`daga vafo qani?

“REJAGA KIRITILGAN-U, BAJARILMADI”

Biz yashab turgan mahallani ichimlik suv bilan ta`minlash maqsadida 2011 yil fevral oyida Shahrixon «suvoqava» idorasi bilan kelishilgan holda quduq kavlash uchun loyiha hujjatlari tayyorlangan va 2012 yilda rejaga kiritilgan edi. Ammo 2015 yilni birinchi yarmi o`tdi hamki ish boshlangani yo`q. Besh yildan buyon va`da berishib, bajarishmayapti.

Ashirali Zokirov, Andijon viloyati Shahrixon tumani

 

         “ANDIJONLIK”LAR SUV BILAN TA`MINLANADI

Sh.To`xtaboev, viloyat prokurorining birinchi o`rinbosari adliya maslahatchisi:

— Fuqaro A.Zokirovning Shahrixon shahar Andijonlik mahallasi ichimlik suvi bilan ta`minlash dasturiga kiritilmayotganligidan norozi bo`lib yo`llangan murojaati mavjud hujjatlar asosida o`rganildi.

Aynan shu mazmunda yozgan murojaatlari viloyat prokuraturasi tomonidan o`rganilib, natijalari haqida tushuntirish berib javob xatlari yuborilgan.

Xususan, Shahrixon tumanida ikkita «Andijonlik» nomli mahalla fuqaro yig`inlari mavjudligi, birinchisi Shahrixon tuman, O`rta-Shahrixon QFY hududida va ikkinchisi Shahrixon shahar hududida bo`lib, 2015 yilda O`rta-Shahrixon QFY hududidagi «Andijonlik» mahallasiga suv tarmog`i qurilishi rejalashtirilgan. Shahrixon shahar Andijonlik mahallasini suv ta`minotini yaxshilash bo`yicha esa 1 quduq va 1,5 km. suv tarmog`ini qurish uchun 2016 yilda investisiya dasturiga kiritilgan.

  • Iste`molchi huquqi

“NEGA 400 000 SO`M QARZDORLIK ChIQQAN?”

Men gaz iste`moli uchun gaz hisoblagich bo`yicha to`lov to`layman. Negadir Olmazor tuman gaz xodimlari necha yillardan buyon hisoblagich borligiga qaramasdan iste`molni kishi boshiga hisoblab, qarz yozib tashlashgan. Ular biror marta ogohlantirishmagan. 2015 yil 10 aprelda gaz hisoblagichni davlat standartidan o`tkazdim. Ular hisoblagichni to`g`ri ishlayotgani haqida ma`lumot berishgan. Shunday ekan, men nima uchun yana 400 000 (to`rt yuz ming) so`mdan ortiq pul to`lashim kerak?

Feruza Nizomova, Toshkent shahri Olmazor tumani

SABABLAR OYDINLAShDI, TUShUNTIRISh BERILDI

A.Qayumov, “Toshkentshahargaz” filiali boshlig`i v.v.b:

— Fuqaro F.Nizomovaning foydalanilgan tabiiy gaz uchun amalga oshirilgan to`lovlariga  aniqlik kiritish bo`yicha murojaati “Olmazortumangaz” foydalanish xizmatining mas`ul xodimlari tomonidan o`rganildi.

Iste`molchida yuzaga kelgan holat o`rganilganda qarzdorlik xonadonga o`rnatilgan gaz hisoblagich davlat qiyoslash ko`rigidan o`z vaqtida o`tkazilmaganligi sababli tuman gaz idorasi tomonidan me`yor tarif hisobida hisoblanishi natijasida qarzdorlik yuzaga kelgan.

Gaz hisoblagichni davlat qiyoslov ko`rigidan o`tkazish davriyligi 4 yilda 1 marotaba qilib belgilangan. Gaz hisoblagich uchun berilgan davlat pasportida esa gaz hisoblagichni davlat ko`rigidan o`tkazilishi muddati qayd etilgan. Ana shu tartiblar, me`yoriy hujjatlar bo`yicha hisoblangan to`lovlar yuzasidan iste`molchiga tushuntirish berildi. Gaz hisoblagich “Metrologiya xizmatlari ko`rsatish” Davlat korxonasi filiali tomonidan berilgan qiyoslash haqidagi sertifikat tuman gaz bo`limi  ASU tizimi ro`yxatiga kiritildi.

  • Izoh: murojaatlar va ularga javoban taqdim etilgan ma`lumotlar mazmuni saqlangan holda qisqartirib olindi.

 

    Boshqa yangiliklar