AsosiyShou-biznes

Axloq-odob qoidalariga uyg`un qo`shiq va kliplar yaratish zarurligi qayd etildi

O`zbekiston Milliy matbuot markazida «Milliy estrada san`ati: shoir, bastakor va xonanda hamkorligi – davr talabi» mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi. 

Tadbirda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o`rinbosari Iqbol Mirzo, O`zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullaev, «O`zbeknavo» estrada birlashmasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Murodjon Majidov va boshqalar qatnashdi, deya xabar beradi O`zA. 
Tadbirda milliy an`analarimizga, axloq-odob qoidalariga uyg`un qo`shiqlar va kliplar yaratish, yosh ijrochilarning ma`naviy olamini yuksaltirishga qaratilgan ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. 
Bugungi kunda musiqa, xususan, estrada san`ati jadal rivojlanib, yoshlar orasida keng ommalashib bormoqda. Bu jarayon san`atkorlardan o`z ijodiga yanada mas`uliyat bilan yondashishni talab etadi. Bunda musiqashunos olimlar, ustoz san`atkorlar, kompozitorlar, yozuvchi va shoirlar hamkorligini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. 
“O`zbeknavo” estrada birlashmasi shoir, bastakor, xonanda xamkorligini mustahkamlash maqsadida qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Vatanimiz mustaqilligining 24 yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish asnosida xalqimizning sevimli shoirlari va xonandalari hamkorligida qirqdan ziyod yangi qo`shiq yaratildi. 
Yozuvchilar uyushmasi ko`magida Estrada san`atini rivojlantirish jamg`armasi tomonidan yosh shoirlarning Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, osoyishta hayotimizga shukronalik tuyg`ulari aks etgan she`rlari G`afur G`ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida maxsus to`plam holida chop etildi. 
Sohada bu kabi yutuqlar bilan birga, hal etilishi zarur bo`lgan muammolar ham yo`q emas. Jumladan, chet el ohanglariga o`zbekcha so`zlarni qo`yib ijro etish hollari kuzatilmoqda. Bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida tegishli chora-tadbirlar ko`rilayotir. 
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi. 

    Boshqa yangiliklar