Uni o`ziga yarasha xarakteri bor. Jizzaki, joyi kelganida qo`rs va rostgo`y. Menga ma`qul kelgani – uning tartibsevarligi Aytilgan vaqtdan bir necha daqiqaga kech qolsa ham ogohlantiradi. Menimcha, bu hurmatga loyiq ish. Suhbatga taklif qilganimda bir holat e`tiborimni tortdi. Hech bir masalada oldindan fikr bildirmaydi. «Nasib qilgani» deya niyatni yaxshi qiladi-yu, ammo biror nimaga ishontirib ham qo`ymaydi. Tahririyatga bo`layotgan tinimsiz qo`ng`iroqlar aktyor Ulug`bek QODIROV bilan intervyu uchun etarli asos bo`ldi. Bu haqda uning o`ziga aytganimizda esa ... Yaxshisi, qanday munosabat bildirganini suhbatni o`qib, bilib oling.
— So`nggi ijro etgan rollaringiz ko`pchilikda qiziqish uyg`otdi. Bu yutuq bilan sizni tabriklasak bo`ladi.
— E`tiroflar uchun minnatdorman.
— Ba`zi aktyorlarning ijodiy tanaffusi o`zining zarariga ishlaydi. Sizda esa buning aksini ko`rdik. Tomoshabinlarning fikridan ham bilsa bo`ladiki, muxlislaringiz sizni sog`inishgan.
— Rollarim manzur kelganidan xursandman. Har qanday aktyor uchun tomoshabin e`tirofi katta yutuq. Ijodga kelsak, aslida u qadar katta uzilish bo`lgani yo`q. Avval suratga tushgan filmlarim namoyish etilib turildi. Qolaversa, oila qurdim, farzandim tug`ildi. Hayotda har bir insonga beriladigan aziz ne`mat baxtini his etishga muyassar bo`ldim.
— Tanaffus vaqti mahoratingizni oshirdingiz chog`i yoki qaerdadir tahsil oldingizmi?
— Izlanganim rost. O`z ustimda ishladim. «Aka» filmi uchun jiddiy tayyorlandim. Yigirma kilogramm vazn yig`ish oson ish emas. Rejissyor Vohid G`anievni nafaqat ijodkor, balki inson sifatida ham hurmat qilaman. U bilan birgalikda filmdagi qahramonim ustida ishladik. Qolaversa, ijodiy guruh ham har bir holatga professional darajada yondashdi. «Aka» qishda suratga olingan. Engil kiyimlarda, tog`da, suratga olish jarayonini tasavvur qilayapsizmi? Mashaqqati bo`lgani bilan mehnatimiz natijasi tomoshabinlarga manzur bo`lganidan mamnunmiz.
— Aksariyat aktyorlar tashqi ko`rinishidagi jiddiy o`zgarishlardan ikkilanganlarida siz qo`rqmasdan 20 kilogramma to`lishdingiz?
— Haqiqiy muxlislarim menimcha to`lishgan-to`lishmaganimga ahamiyat berishmagan. Ular uchun yaratgan obrazim muhim bo`lgan. O`zim esa premera kuni ko`proq qahramonimning ko`zlarini kuzatdim. Akbarxo`ja Rasulov, Matyoqub Matchonov, Saida Rametovalarning ijrosini ham tomosha qildim. Ammo o`zimni qahramonim ekranda ko`ringanida ko`zlarim uning ko`zlarida bo`ldi. Qahramonim ko`p gapirmagan, asosan ko`zlari so`zlagan. Rolim ishonarli chiqishi uchun Vohid G`aniev ko`p narsalarni tushuntirdi. Ijtimoiy tarmoq orqali ruhiyatida muammosi bo`lganlarni kuzatdim, o`rgandim. Ular ham hamma qatori inson. Faqat o`ziga xos jihatlari bor. Ana shularni o`rganishga harakat qildim.
— Rol uchun yana qanday qiyinchiliklarga rozi bo`lolasiz?
— Oldindan bir nima deyolmayman. «Aka»dan keyin suratga olingan filmdagi rolim tamoman boshqacha. Yaqinda premera qilinadi. Dramaturgiyasi yaxshi ssenariy bo`lsa, rolingiz uchun astoydil harakat qilasiz, tayyorlanasiz.
— Katta shov-shuvga sabab bo`layotgan «Baron» filmini nazarda tutayapsizmi?
— Ha. Bu kartinada rejissyor Rustam Sa`diev oldimga «Nafaqat qahramon xarakteri balki ko`rinishing ham boshqa rollaringdan farq qilish kerak» degan vazifani qo`ydi. Aytmoqchimanki, har bir rolning o`ziga yarasha qiyofasi bo`ladi. Biri ikkinchisini takrorlamasligi kerak.
— Qahramoningizni tanishtirarsiz balki...
— Film tayyor bo`lsin, ovozlashtirish ishlari yakunlansin, keyin suhbatlashamiz. Keling, hozircha sir bo`la qolsin.
— «Ulug`bek Qodirov bilan partnyor bo`lgan aktrisalar tez taniladi» degan gaplar qulog`ingizga chalingandir?
— (kuladi) Hazillashmayapsizmi?
— Yo`q, nega endi. Buni ko`pchilikdan eshitganman.
- Balki bu shunchaki sababd yo tasodifdir? Bilmadim, nima deyishni ham bilmay qoldim...
- Rafiqangiz partnyorlaringizdan rashk qilmaydimi?
- Oilamga tegishli savollarga javob bermayman.
— Haqiqatan ham ko`zga ko`ringan aktrisalar bilan partnyor bo`lasiz. Bu ro`yxatda estradaning mashhur xonandalari ham bor. Lekin o`zingizga kim bilan rol ijro etish qulay?
— Xonanda Shaxzodaning ijrosi juda yaxshi. Rolni aytilganidek chiqarib beradi. Dilnoza Kubaeva, Gulchehra Eshonqulova iqtidorli aktrisalar. Gulchehra bilan kursdoshmiz. Institutda o`qigan kezlarimizda ham spektakllarda birga rol o`ynardik. Rejissyor qo`ygan vazifani bitta urinishda badarib beroladi. Ustoz aktrisalardan Saida opa Rametovaning ijodini hurmat qilaman. Tohir Saidov bilan birgalikda bitta ijodiy guruhda ishlasam, doim o`zim uchun nimadir olaman. Bu ijodkorlar bilan ishlash aktyor uchun katta maktab. O`rganishga arzirli ko`p nasrasalar bor.
— Kim biladi deysiz, balki 10-15 yildan so`ng sizni ham kimdir ustoz bilib, havas qilsa ajabmas...
— Qaniydi shunday bo`lsa! Niyat qilaman, shu kunlarga etkazsin deb.
— Hozir ham bordir «menga ustozlik qiling» deydiganlar?
— Men hali ustozlik qilish darajasiga etganim yo`q. O`rganishim kerak bo`lgan narsalar bor. O`z ustimda ishlab, izlanib, mahoratimni oshirishishim lozim. Endigina o`ttiz ikkiga kirdim. Sochimga oq oralagani bu yoshim o`tib borayapti degani emas. Odam qanday bo`lsa shunday ko`rinishi kerak. Mahoratimni ko`rsatishni istagan rollarim hali oldinda. Nasib qilsa, yoshim qirqdan oshgandan keyin kimdir ustozlik qiling desa, rozi bo`larman. Lekin hozircha bunga tayyor emasman.
— «Telba» dagi rolingiz haqiqatan ham yaxshi chiqqan. Shu kabi rol ijro etish istagi bo`ladimi hech?
— E`tirofingiz uchun rahmat. Lekin «Telba»dagi rolimga o`xshagan rol bo`lmasa kerak. Uning darajasidagi kabi ijro bo`lishi mumkin, ammo aynan uningdek bo`lmaydi. Omadli chiqqan rolni takrorlash mumkin emas. Chunki har bir kartinaning o`z taqdiri bor. Agar rejissyor aktyorga erkinlik bersa, u topshirilgan vazifani aytilganidek ijro etib beradi. Rolning omadli chiqishi bitta odamga bog`liq ish emas-da.
— Turli janrlardagi filmlarda suratga tushasiz. Muxlislaringiz esa «Ulug`bekka ko`proq melodrama mos keladi» deyishadi.
— Hammaning didi har xil. Kimgadir melodrama, kimgadir komediya janridagi rollarim yoqadi.
— Bollivud yulduzi Shoxruhhonning so`zlari yodimga tushdi: «Aktyor ekrandagi partnyorini sevishi kerak bo`lsa, chindan sevsin. Nafratlanish talab qilinsa, haqiqatan ham yomon ko`rsin. Shunda obrazi ishonarli chiqadi». Ulug`bek Qodirov ham filmdagi partnyorlarini sevadimi?
— Suratga olish jarayonida sevaman, albatta. Yo`qsa, obrazim ishonarli chiqmaydi. Xarakter holatiga moslashishni institutda o`rganganmiz. Har qanday holatga xarakteridan kelib chiqib kirisha olamiz. Balki aktyorlik bo`yicha tahsil olmaganlarda oshiq obrazi ishonarli chiqmas. Lekin bu borada kerakli bilimi bo`lgan, ustoz va sahna ko`rgan aktyorlar partnyorini sevish kerak bo`lsa, sevadi, nafratlanish kerak bo`lsa, yomon ko`radi. His etish faqat “s`yomka” jarayonida bo`ladi. Suratga olish ishlari yakunlangach, esa yana o`z holimga qaytaman. Tasavvur qilayapsizmi, agar “s`yomka”dan keyin ham partnyorlarimni sevib yuraversam... (kuladi). Bu menga to`g`ri kelmaydi. Rolga kirib, undan chiqa olish usuli aktyorlar biladigan sir.
— «Ustoz ko`rgan, o`qigan aktyorlar» dedingiz. Bu borada ma`lumoti bo`lmay, filmlarda suratga tushayotganlarga munosabatingiz qanday? Kasbingizni qizg`anmaysizmi?
— Qizg`anmayman, aktyorlikka qiziqar ekan, omadini bersin. Biror joyda ko`rishib qolsak ham tanqid qilmayman. Nima qilaman ko`nglini og`ritib? Shunchaki, tanlagan kasbi bo`yicha o`qigan aktyor rejissyor talabini darrov tushunadi. Chunki shu sohada saboq olgan. O`qimagan, havaskor aktyor uchun bu salgina qiyinroq bo`lishi mumkin. Hammasi jarayonda bilinadi. Lekin ular orasida haqiqiy iqtidor egalari ham bor.
— Mashhurlik, istaysizmi-yo`qmi, atrofingizdagi insonlarning sizga bo`lgan munosabatini o`zgartiradi. Hamkasblar orasida raqobat bosimi seziladimi? Yoki bu davrdan o`tdingizmi?
— Turli xil munosabatlar bo`lishi mumkin. Lekin e`tibor bermaslikka harakat qilaman. Raqobat masalasiga kelsak, hech kimga hech qachon hasad qilmaslik kerak. Bu yaxshilikka olib kelmaydi.
— Ish jarayonidan sizni nima chalg`itishi mumkin?
- Ba`zan suratga olish jarayonida o`z-o`zidan kulgi kelib qoladi. Ana shu narsa ishdan chalg`itadi.
- Rejissyorlik borasidagi orzungiz hali ham o`sha-o`shami?
- Albatta! Bu masalaga jiddiy yondashishni istayman. Men yaratgan film yaxshi rejissyorlarning asarlari qatorida turishini xohlayman. Bir-ikki kun yashaydigan asar bo`lmasligi lozim. Sekin-astalik bilan maqsadim sari yaqinlashyapman. Nasib qilsa amalga oshadi!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi





