Har yili yoz boshlanishi bilan g`imirlab qoladigan firibgarlar toifasi bor. To`g`ri topdingiz, ular farzandini oliy o`quv yurti yoki nufuzliroq kollejga o`qishga kiritish harakatidagi ota-onalarni tuzoqqa tushirish payida bo`lishadi..
“Menga ro`para qilavering!”
Universitetni tamomlagan Nosir orzusidagi «zo`r» ishni topolmadi. Mutaxassisligi bo`yicha ishlashga bo`yni yor bermay, boshqa sohalarda omadini sinab ko`rdi. Tanish-bilish qilib kirgan ishlarida ham yolchitib ishlamadi. Xullas, o`ttizdan oshib ham bir ishning boshini tutmay, «havodan pul topadigan»larga taassub qilib yuraverdi.
Bu zamonda talaba bo`lishni orzu qilmagan yigit-qiz, farzandining oliy o`quv yurtida tahsil olishini istamagan ota-ona topilmasa kerak. «Qahramonimiz» uchun inson ruhiyatidagi ana shu nuqtada to`xtash va hech bo`lmaganda ma`lum muddat undan foydalanib qolish mumkinligini tushunish qiyin kechmadi. Axir, nima bo`lgandayam, Nosir oliy ma`lumotli yigit-da!
Avvaliga po`rim kiyinishni, atrofdagilar bilan xushmuomala bo`lishni odat qildi. U er-bu erda orttirgan tanishlarining nomini sotib, o`zini ba`zi muammolarni hal qila oladiganday tutishni o`rgandi. Poytaxtimizdagi universitetlardan birining axborot-resurs markazida ishlab yurgan Nizom bilan tanishib qolgach, «ishga» jiddiy kirishdi.
Tanish-bilishlariga «o`qishga kirish istagida bo`lganlarni menga ro`para qilib yuboravering» degan mazmunda gap qistirib qo`yishni kanda qilmadi. Turgan gapki, bunday «reklama» besamar ketmadi. Farzandi yoki tanish-bilishini o`qishga joylash istagida yurganlarning o`zlari uni yo`qlab kela boshlashdi.
Tuzoqdagi “o`lja”
Kunlarning birida Nosir jiyanini Toshkent tibbiyot akademiyasiga o`qishga “joylashtirish” uchun atayin Rossiyadan kelgan bir ayol bilan tasodifan tanishib qoladi. Bunday imkoniyatni boy berishni istamagan Nosir mazkur oliy o`quv yurtida dars berishini aytib, kamtarlik bilan o`zini tanishtiradi. Tabiiyki, jiyanini o`qishga «joylashtirish uchun» tanish qidirib yurgan ayol kutilmaganda «domla» bilan tanishib qolganidan xursand bo`ladi.
— Tibbiyot akademiyasiga kirishning o`zi bo`lmaydi hozirgi paytda... — gapni uzoqdan boshladi Nosir.— Qisqasi, jiyaningizning ishi 15 ming dollarsiz hal bo`lmaydi.
Ayol ikkilanganday bo`lib, o`ylab ko`rishi kerakligini aytadi.
— Nimasini o`ylaysiz? Yo jiyaningizning bilimiga shunchalik ishonasizmi?
— Ozgina kelishtiring-da, domla...
— Bundan yaxshi narxni topolmaysiz. Men shu erda ishlab yuribman-ku, vaziyatni yaxshi bilaman. Bu pulni akademiyaning «kattalari»ga olib borib berishim kerak, menga arzimagan foiz qoladi.
— Yaxshi, faqat hozircha besh mingini to`g`rilab bersam bo`ladimi? Qolganini keyinroq, avgustning oxirlariga etkazsam...
Nosir «mijoz»ni boy berarmidi. O`zini nimalarnidir chamalab ko`rayotgan odamday tutib, bir muddat indamay turdi. So`ng: — «Mayli, bir amallarmiz. Faqat besh mingni ertagayoq etkazasiz...», — dedi.
— Ertaga bo`lmaydi. Hozir... — ayol shunday deb sumkasidan bir dasta pul chiqarib unga uzatdi. Keyin uning telefon nomeri, manzilini yozib oldi. Bir haftadan keyin jiyanini ergashtirib kelishini aytib, jo`nab ketdi.
“Har qanday institutda tanishi bor!”
Ammo oradan hafta uyoqda tursin, bir kun ham o`tmadi. O`sha kunning o`zidayoq kechga yaqin jiyanini o`qitmoqchi bo`lgan ayol yonida ikki yigit bilan uni qidirib keldi. Nosir tushundiki, ayol fikridan qaytgan. Pulni qaytarishdan boshqa chora topolmadi.
Oliy o`quv yurtlariga hujjat qabul qilish boshlangan kunlarda tinim bilmagan Nosir kirish imtihonlari arafasida telefonini o`chirib, bir muddat g`oyib bo`lib qoldi. Unga ishonib pul berganlar chuv tushganini tushunganida kech bo`lgan edi.
Sentyabrning boshlari edi. Nosir va Nizom telefonlashib, shahar markazidagi kafeda ko`rishdilar. Ko`p o`tmay ularning oldiga Nosirning Lobar ismli tanishi dugonasi bilan etib keldi. Albatta, buni tasodifiy yoki romantik uchrashuv deb bo`lmasdi. Nosir Lobarga o`zini «har qanday oliy o`quv yurti-yu kollejlarda tanishi bor odam» sifatida tanishtirgan, shu sabab qizlar uni yo`qlab kelishgan edi.
Gap shundaki, Lobarning Nigora ismli dugonasi universitetga hujjat topshirgan, lekin test imtihonlarida etarli ball to`play olmagani bois talaba bo`lish nasib etmagan edi. Lobar unga Nosir ismli tanishi vazirlikda, Nizom ismli tanishi esa hokimiyatda ishlashi haqida gapirib, uning o`qishini ana shu tanishlari hal qilib berishi mumkinligini aytadi. Barcha firibgarlar kabi «o`ljalar»ining oldida Nosir va Nizom o`zlarini ancha sipo, shuning barobarida, uddaburon odamlarday tutishib, allaqanday oldi-berdilar, vallomat tanishlari haqida gaplashib o`tirishdi.
Lobardan Nigoraning muammosini diqqat bilan eshitganlaridan so`ng Nosir muddaoga ko`chdi:
— Xabaringiz bo`lsa kerak, oliy o`quv yurtlarida qo`shimcha o`ringa kirish avvalgidanam qiyinlashib ketgan. Lekin siz aytgan universitet rahbarlari orasida tanishlarim bor. Gaplashib ko`rib, javobini kechgacha aytaman.
“Qolgani bir gap bo`lar...”
Qizlar ketishgach, Nosir kulib yubordi:
— Buyog`i qandoq bo`ldi, ustoz? Universitetda biron kishini taniymizmi o`zi?
— Pulni olaveraylik-chi, bir gap bo`lar. Baribir ishni hal qilolmaymiz. Qutulishning esa «uzr, o`xshamay qoldi» degan oson yo`li bor. Pulni qaytaramiz-da bir kun. Ungacha bir-ikki aylantirib olamiz, — dedi muzday pivodan simirar ekan Nizom. — Og`zingni to`ldirib 8000 dollar so`rayver. Bunaqa «baliq» hamisha ham qarmoqqa ilinavermaydi.
— Nizom aka, aybga buyurmaysiz-da, sizdan bemaslahat yana bir ish qilganman,— gapni uzoqdan boshladi Nosir.— Sanobar opa degan bir tanishim bor, maktab direktori. O`shaning jiyanini Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejiga o`qishga kiritaman deb 1300 dollar olishga oldim-u, ishni hal qilolmadim. Pulni allaqachon «hazm» qilib yuborganman. Opa kunora telefon qilib pulini qaytarishimni so`rayapti. Nima qilsam ekan?
— Nima qilarding, «ana-mana» deb aldab yuraver. Bezor bo`lganidan oxiri so`ramay qo`yadi...
Ishtaha osh ustida...
Kech tushganda tarqalishdi. Tarqalish oldidan Nosir Lobarga telefon qilib, go`yoki hozirgina universitet rahbariyati bilan gaplashib, ishni hal qilgan odamday ishonch bilan gapira boshladi:
— Bu yil universitetga qo`shimcha o`rin kam ajratilgan ekan. Shunday bo`lsayam tanishingizning ishini hal qildim. Faqat pulini tezlashtirish kerak. Vaqt kutib turmaydi...
— Qancha so`rashayapti? — ikkilanganday so`radi Lobar.
— Ha-ya, aytmadimmi hali, sakkiz ming dollar... Olti mingini erta yoki indinga, qolganini talabalik guvohnomasini olganidan keyin beraveradi.
— Judayam qimmat aytishmayaptimi, Nosir aka? Mayli, men Nigoraga telefon qilib aytaman. Yana bir gap, Nosir aka, Dilnoza degan tanishimning singlisi medkollejga kirolmabdi. Shuniyam to`g`rilashning iloji bormi? — so`radi Lobar.
— Kollej masalasini Nizom aka bilan gaplashib ko`raman. U sizga telefon qiladi, — Nosir shunday deb sherigiga ko`z qisib qo`ydi.
Ertasiga Nizom aka Lobarga telefon qilib, ishni hal qilishini, faqat buning uchun 1500 dollar olib kelishi kerakligini, bo`lmasa kech bo`lishini aytdi.
Har kimki yomon bo`lsa...
Lobar Nosirning gaplarini Nigoraga etkazdi. Nigora «sakkiz ming dollar katta pul, o`ylab ko`rishim kerak», — deganicha ikki kun jim bo`lib ketdi. Uchinchi kuni «bu odamlarni yaxshi taniysanmi o`zi? Keyin pulni ololmay sarson bo`lib yurmaymanmi?» degan savolni ko`ndalang qo`ydi.
Bu yoqda singlisini tibbiyot kollejiga kiritish harakatidagi Dilnoza ham biroz ikkilanib qoldi. Ikki firibgar esa «pulni tezlashtirish kerak» deb dam-badam telefon qilishmoqda...
Lobar bilan Dilnoza buyog`iga nima qilishni bilmay qolishdi. Ikki soatdan oshdiki, maslahatlashib bir qarorga kelisholmayapti. Nosir ham, Nizom ham muddatni qisqa aytishgan. So`ralayotgan pulni topish esa oson ish emas. Pul topildi ham deylik, lekin ular firibgar bo`lib chiqishsa nima bo`ladi?
Ikki dugona o`ylab o`yiga etolmay turganlarida, televizorda bir guruh firibgarlarning jinoyat ustida qo`lga olingani haqidagi ko`rsatuv boshlanib qoldi. Ko`rsatuvni oxirigacha tomosha qilgan Lobar va Dilnoza bir-biriga qarab olishdi. Ular bir qarorga kelib bo`lishgan edi.
Ertasi kuniyoq ular huquq-tartibot organiga ariza bilan murojaat qilishdi. Ishlab chiqilgan tezkor tadbir davomida firibgarlar Nosir Jo`raboev va Nizom Alimovlar jinoyat ustida qo`lga olindi. Dastlabki tergov davomida ularning boshqa jinoyatlari ham fosh etilib, firibgarlikni kasb qilib olgani ayon bo`ldi. Sud hukmi bilan ular tegishli jazosini olishdi. Firibgarlik qissasi shu tariqa yakun topdi.
Shavkat YoDGOR,
jurnalist
Sud metarillari asosida tayyorlandi.





