AsosiyJamiyat

Doimiy propiskam bor, uy sotib ololmayapman

“Men 2012 yil 13 iyul kuni Toshkent shahrida doimiy propiska qilindim.  Oradan uch yil muddat o`tdi. Hozirda poytaxtdan uy sotib olish istagidaman.  Tegishli hujjatlarimni to`plab, uy oldi-sotdisini rasmiylashtirish uchun notarial idoraga murojaat qildim. Ular esa hozircha bu masalalar yopiq, deyishyapti. Bu qanchalik to`g`ri?  Amaldagi qonun hujjatlariga ko`ra menga Toshkent shahridan uy sotib olishimga ruxsat beriladimi?”

A.Alibaev,

Toshkent shahri

Uchtepa tumani 12-mavze 5-uy.

2012 yil  16 fevralda  O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan doimiy propiska qilish va turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibi to`g`risida”gi  Qarori qabul qilingan.  Aynan mana shu qaror bilan tasdiqlangan Nizomda fuqarolarniing Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiska qilinishi talablari va shartlari  ko`rsatib o`tilgan.  Qaror kuchga kirganiga uch yil bo`lgan bo`lsa-da, bu borada  ayrim tushunmovchiliklar ham yuzaga kelmoqda. So`zimizni yuqoridagi murojaat ham tasdiqlaydi.  Fuqaro o`z murojaatida keltirib o`tgan holatlar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi Xorijga chiqish , kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish  boshqarmasiga yuzlandik.

B. Shorixsiev, boshqarma boshlig`i:

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 fevraldagi 41-sonli Qarori bilan tasdiqlangan  “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo`yicha  hisobga olish tartibi to`g`risida”gi  Nizomning 8-bandida, ro`yxatning 2,5,9,11- bandlariga muvofiq  Toshkent shahrida doimiy propiska qilingan  fuqarolar  Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida  oldi-sotdi bitimlarini, almashtirish, renta, umrbod ta`minlash  sharti bilan o`zgaga berish va hadya qilishni notarial tasdiqlash va davlat ro`yxatidan Toshkent shahri hududida  kamida uch yil  doimiy yashab turgan (lavozimda bo`lgan) jismoniy shaxs hisoblansa va ichki ishlar  organining  doimiy propiskasi borligi to`g`risidagi tegishli  ma`lumotnomani  taqdim etsa amalga oshirilishi belgilangan.

Bugungi kunda, ushbu ma`lumotnomani berilishi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi  tomonidan normativ huquqiy hujjatlarga qo`shimchalar kiritilayotganligi sababli, ushbu masala  o`z echimini topganidan so`ng, Siz tuman  IIB pasport bo`limiga murojaat qilishingiz lozim bo`ladi. 

    Boshqa yangiliklar