Tijorat banklari yoshlarning etuk, bilimli va barkamol bo`lishlari uchun kreditlar orqali har tomonlama ko`maklashishga etarlicha e`tibor qaratmoqda. Buni so`nggi yillarda banklar tomonidan talaba-yoshlar uchun ajratilayotgan ta`lim kreditlari miqdorining o`sib borishida ham ko`rishimiz mumkin.
Xususan, to`rt yarim yil mobaynida mobaynida tijorat banklari tomonidan 72 mingdan ziyod talabaga jami 225 mlrd. so`mdan oshiq miqdorda ta`lim kreditlari ajratilgan. Birgina 2015 yilning 6 oyi davomida respublika bo`yicha jami 11106 nafar talabaga ajratilgan ta`lim kreditlari hajmi 35,7 mlrd. so`mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar beradi.
Tijorat banklari tomonidan ta`lim kreditlari berish, ularni qaytarish, to`lovning ta`minlanganligi, muddatliligi va ulardan maqsadli foydalanish shartlari asosida amalga oshiriladi.
Ta`lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta`lim muassasalarining kunduzgi bo`limlariga to`lov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalarning o`zlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga, qarz oluvchi yashaydigan aholi punktida joylashgan tijorat banklari muassasalarida rasmiylashtiriladi.
Kreditlar oliy ta`lim muassasalarida o`qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga o`qishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga o`qishga qabul qilingan talabalarga esa 5 yilgacha bo`lgan muddatga ajratiladi.





