Muhtaram hamyurtlar! “O`zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, avvalambor, Sizlarni yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy muborakbod etib, butun el-yurtimiz qatori Sizlarga tinchlik-xotirjamlik, sog`lik-omonlik, xonadoningizga qut-baraka tilaydi!
Ma`lumingizki, yurtimiz istiqlolining dastlabki kunlaridanoq mamlakatimiz rahbariyati va Hukumatining asosiy e`tibori iqtisodiyotning strategik sohalarida, shu jumladan iqtisodiyotning qon tomiri hisoblangan yonilg`i-energetika resurslari sohasida mustaqillikka erishishga qaratildi va bunga to`liq erishildi ham. Mustaqillikning dastlabki yillarida ayrim g`alamislar bizga neft mahsulotlari berishni cheklab qo`yganliklari oqibatida yuzaga kelgan yonilg`i tanqisligi (ko`pchilikning yodida bo`lsa kerak) qisqa vaqt ichida bartaraf etildi. Mana bir necha yildan beri mamlakatimiz aholisi va xalq xo`jaligi yonilg`i bilan uzluksiz ta`minlanib kelinmoqda.
Avval xabar qilganimizdek, so`nggi kunlarda respublikamizning ayrim hududlaridagi, shu jumladan Toshkent shahridagi ba`zi AYoQShlarda avtobenzinga bo`lgan navbat ko`payib, aholiga muayyan darajada noqulaylik tug`dirmoqda va e`tirozlarga sabab bo`lmoqda. Tahlillarimizga ko`ra bunday holatga ayrim shov-shuv ishqibozlarining “Yonilg`i ishlab chiqarish kamayib ketganligi sababli, avtobenzin taqchilligi yuzaga kelib, uning narxi oshar ekan” – degan uydirmalariga ishongan ba`zi hamyurtlarimizning avtobenzinni mumkin qadar ko`proq zahira qilib olishga harakat qilayotganligi ham sabab bo`lmoqda.
“O`zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi Sizlarni to`liq ishontirib ta`kidlaydiki, mamlakatimizda avtobenzin va boshqa YoMMlar ta`minoti bo`yicha muammo yo`q, bo`lmaydi ham. Chunki, Respublikamizda jahon standartlariga javob beradigan barcha yonilg`i-moylash mahsulotlari etarli miqdorda ishlab chiqarilmoqda. Neft xomashyosi nafaqat mamlakatimiz ichki ehtiyojini qondirish uchun, balki muayyan miqdordagi yonilg`i-moylash mahsulotlarini eksport qilish uchun ham etarli miqdorda qazib chiqarilib, qayta ishlanmoqda.
Ayni kunlarda yuzaga kelgan mazkur muammoni zudlik bilan hal etish, kamchiliklarni bartaraf etish, aholini avtobenzinga bo`lgan ehtiyojini to`liq qondirish yuzasidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda va vaziyat tez fursatda o`nglanadi.
Shularni e`tiborga olib, qadrli hamyurtlar, Sizlardan xavotirga berilmaslikni va yonilg`i narxining oshishi haqidagi turli shov-shuvlarga ishonmaslikni hamda xavfsizlik texnikasi va yong`in xavfsizligi qoidalari talablariga zid ravishda xonadoningizda yoki moslanmagan biron joyda avtobenzinni to`plab, xonadoningiz, oila a`zolaringizni xavf-xatarga qo`ymang!
Sizlarni yana bir bor tabriklab, yonilg`i ta`minotida uzilish bo`lmasligiga ishontiramiz va Sizlardan turli shov-shuvlarga inonmaslikni so`raymiz!





