AsosiySport

O`zbekiston Yaman ustidan 1:0 hisobda g`alab qozondi

Futbol bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionatining Osiyo qit`asi saralash musobaqalari ikkinchi bosqichi uchinchi turida Yaman terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi, deya xabar beradi O`zA.

“Paxtakor” markaziy stadionida o`tgan uchrashuvda har ikki jamoa uchun g`alaba muhim edi. Shu bois, o`yin keskin va murosasiz ruhda kechdi. Dastlabki daqiqalardanoq ustunlikni qo`lga olgan terma jamoamiz a`zolari raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi. Ammo, bor e`tiborini himoyaga qaratgan yamanlik futbolchilar birinchi bo`limda o`z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. 
Ikkinchi bo`limda ham futbolchilarimiz hujumkor o`yin namoyish etdi. 51-daqiqada Aleksandr Geynrix jarima to`pini aniq yo`llab, hisobni ochdi. Ushbu gol terma jamoamizning 1:0 hisobidagi g`alabasini ta`minladi. 
Shu tariqa 2018 yilda o`tadigan jahon chempionatining Osiyo qit`asi saralash musobaqalari ikkinchi bosqichida “N” guruhida to`p surayotgan O`zbekiston terma jamoasi a`zolari dastlabki uch ochkoni qo`lga kiritdi. 
Futbolchilarimiz 8 sentyabr kuni navbatdagi turda Filippin terma jamoasi bilan bahslashadi. 

    Boshqa yangiliklar