AsosiyJamiyat

Umumxalq xayriya hasharida 17,5 milliondan ziyod kishi qatnashdi

Mamlakatimizda 22-23 avgust kunlari o`tkazilgan umumxalq xayriya hasharida 17,5 milliondan ziyod kishi ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 12 avgustdagi farmoyishiga muvofiq mamlakatimizda e`lon qilingan obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish oyligi doirasida tashkil etilgan umumxalq xayriya hashari barcha tuman va shaharlar, qishloq va mahallalar, mehnat jamoalari, ta`lim maskanlarida uyushqoqlik bilan o`tkazildi. 
Mazkur xayriya hasharidan ko`zlangan maqsad Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko`rish, mehr-oqibat, hamjihatlik, beg`araz yordam kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, mahallalar, turar joylarni obodonlashtirish, «Keksalarni e`zozlash yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalarni o`z vaqtida hayotga tatbiq etishdir. 
Hashar kunlari mamlakatimiz bo`ylab o`ttiz sakkiz ming gektardan ortiq maydon obodonlashtirildi. Aholi turar joylari, ko`p qavatli binolar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgoh va qabristonlar tartibga keltirildi. Daraxtlar butalib, oqlandi. Yigirma besh ming kilometr uzunlikdagi ariq-zovurlar, lotoklar tozalandi. Maxsus ajratilgan transportlarda chiqindilar belgilangan joylarga chiqarib tashlandi. Hashardan tushgan mablag`lar «Mahalla» xayriya jamoat fondining hisobraqamiga o`tkaziladi. Bu mablag`lar mahallalarni obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish, aholining yordamga muhtoj qatlamlariga ko`mak berish, keksalar, onalar va bolalar salomatligini muhofazalash hamda «Keksalarni e`zozlash yili» Davlat dasturida ko`zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishga yo`naltiriladi. 

    Boshqa yangiliklar