Toshkentda O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi markaziy kengashining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda joriy yilning birinchi yarmi yakunlari ko`rib chiqildi va istiqboldagi vazifalar belgilandi.
2015 yilning birinchi yarmida Savdo-sanoat palatasi chet el kapitali ishtirokida 34 qo`shma korxonani tashkil etishga yordam berdi. Tashkil etilgan korxonalar ustav fondining umumiy hajmi 8,25 million dollarga etdi. Ta`kidlash joizki, yangi korxonalarning aksariyati xalq iste`moli tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilmoqda, deya xabar beradi O`zA.
Ishlab chiqarish ob`ektlari asbob-uskunalarini modernizasiya qilish va yangilashga ham alohida e`tibor qaratilayotir. Hisobot davrida 84 korxonaga chet elga amaliy safarlar tashkil etish, xalqaro ko`rgazma va biznes uchrashuvlarda ishtirok etishda yordam ko`rsatildi. Buning samarasida umumiy qiymati 22 million dollardan ortiq bo`lgan mini-texnologiya va asbob-uskunalar xarid qilindi.
Savdo-sanoat palatasining chet eldagi vakolatxonalari tadbirkorlarimizning xorijiy mamlakatlar ishbilarmon doiralari bilan aloqalarini mustahkamlashda muhim o`rin tutmoqda. Mazkur vakolatxonalar mamlakatimiz savdo-iqtisodiy salohiyati xususida xabardor qilish, shuningdek, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish bozorini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo`yicha faol ish olib bormoqda. Joriy yil boshidan buyon mamlakatimiz tadbirkorlari Savdo-sanoat palatasi ko`magida xorijiy davlatlarda bo`lib o`tgan 38 ko`rgazma va yarmarkalarda ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar yakuniga ko`ra, 30 dan ziyod kelishuv imzolandi. Bundan tashqari, mamlakatimizda o`tkazilgan 100 ko`rgazmada 720 kelishuv va shartnoma imzolandi. Tadbirlar yakuni bo`yicha 18,7 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
Ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, iqtisodiyotda xususiy mulkning rolini oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga ko`maklashish, tadbirkorlik yo`lidagi to`siq va cheklovlarni bartaraf qilish, kredit va moliya mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ilg`or xorijiy tajriba inobatga olingan holda, tadbirkorlarni o`qitish va malakasini oshirish O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining oldida turgan dolzarb vazifalardir.





