“O`tgan oyning o`rtalarida milliy va xorijiy elektron ommaviy axborot vositalarida GM Uzbekistan qo`shma korxonasi 1 avgustdan e`tiboran bir oy muddatga o`z faoliyatini to`xtatishi haqida ma`lumotlar tarqalgandi. Bu ma`lumot qanchalik haqiqatga yaqin? Shu haqda batafsil ma`lumot bering. Nahotki yurtimizdagi shunday muhim qo`shma korxona faoliyatini tugatgan bo`lsa?”
U.Ismoilov, Toshkent sh.
Darhaqiqat, Andijon viloyati Asaka tumanida joylashgan “GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyati qo`shma korxonasi iqtisodiyotimizning asosiy yirik korxonalaridan biri deb e`tirof etiladi. Haqiqatan ham mazkur qo`shma korxonaning joriy yil avgust oyidan boshlab bir oy muddatga o`z ishini to`xtatishi haqida ma`lumotlar ba`zi mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatildi. Mazkur xabar Rossiyaning «RIA-Novosti» agentligi xabariga tayanib berilgandi.
Ushbu xabarlarda ishlab chiqarishning to`xtatilishi rejali asosda avtomobil zavodidagi profilaktika ishlari bilan bog`liqligi ma`lum qilingandi. Mazkur xabar “O`zavtosanoat” korxonasining ismi sir tutilgan vakili ma`lumotiga asoslangan holda tarqatilgan.
Ma`lumotlarda qo`shma korxona faoliyati to`xtatilishiga kompaniyaning asosiy eksport bozori hisoblanmish Rossiyada mashinalarga bo`lgan talabning pasayishi sabab qilib ko`rsatilgandi. Shaxsini sir tutgan soha vakilining gapiga tayanib ushbu asossiz ma`lumotni xorij nashrlari tugul, hatto o`zimiznikilar ham bayroq qilib yugurgani achinarli. Go`yo “O`zavtosanoat” AK Marsda joylashgandek. Vaholanki bugungi texnologiyaning «qo`li» Marsga ham etadi.
“O`ZAVTOSANOAT” MASALAGA OYDINLIK KIRITILDI
“Oxirgi paytlarda internet tarmoqlarida ba`zi mahalliy OAV tomonidan, professional jurnalistika etikasini buzgan holda, O`zavtosanoat AK tizimidagi korxonalar faoliyati va ularda bo`lib o`tayotgan voqealar, ayniqsa, “General Motors O‘zbekiston” AJ to`g`risida mavjud bo`lmagan manbalardan dalillar keltirgan holda, noto`g`ri ma`lumotlar tarqatish holatlari kuzatilmoqda. Mazkur ommaviy axborot vositalari ushbu harakatlari bilan “O`zavtosanoat” AK va tizimdagi korxonalarning nafaqat nufuziga zarar keltirmoqda, balki noma`lum shaxslarning vijdonsiz manfaatlari foydasiga iste`molchilarni chalg`itmoqdalar.
OAVlarda noto`g`ri ma`lumotlar tarqatilishining oldini olish va iste`molchilarni, bunday ma`lumotlarni tarqatayotgan noma`lum shaxslarning vijdonsiz hamda noqonuniy harakatlaridan himoyalash maqsadida, barcha axborot saytlaridan, gazetalar va boshqa OAVdan, “O`zavtosanoat” AK va kompaniya tizimidagi korxonalar faoliyati to`g`risidagi har qanday ma`lumotlarni bosib chiqarayotganda yoki boshqa saytlardan ko`chirib olib qayta nashr qilayotganda, “O`zavtosanoat” AKning axborot xizmati bilan maslahatlashgan holda ma`lumotlarning to`g`riligini diqqat bilan tekshirishingizni so`raymiz.”
“O`ZAVTOSANOAT” HAMKORLIKKA TAYYoR
“O`zavtosanoat” AK va tarmoq korxonalari faoliyati to`g`risidagi barcha aniq va to`g`ri ma`lumotlarni “O`zavtosanoat” AKning axborot xizmati yoki rasmiy sayti www.uzavtosanoat.uz va www.chevrolet.uz orqali olishingiz mumkin.
“O`zavtosanoat” AK va tizimdagi korxonalar mahalliy OAVlar uchun har doim ochiq va o`zaro manfaatli hamkorlik qilishga tayyor.
KOLONKA
“GM UZBEKISTAN” 19 YoShDA
Joriy yilda Asaka avtomobil zavodi tashkil etilganiga 19 yil to`ladi.
Zavod faoliyatining birinchi yilida 25 ming 300 ta engil avtomobil ishlab chiqarilgan bo`lsa, keyingi yili bu ko`rsatkich 64 mingdan oshdi.
2010 yil davomida 217 ming 733 dona avtomobil zavodning yurtimizdagi va xorijiy mamlakatlardagi rasmiy dilerlik korxonalari orqali o`z egalariga etkazilgan bo`lsa, 2011 yilda 222 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan.
2012 yilda esa bu ko`rsatkich 236,2 ming donani tashkil etgan.
2013 yilda jami 246,6 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo`lib, shundan 157,7 mingga yaqini mamlakatimiz ichki bozoridagi xaridorlarga etkazib berilgan bo`lsa, qolgan 90,8 mingtaga yaqin avtomobil xorijga eksport qilingan.
O`tgan 2014 yilda esa 245,6 ming dona avtomobil ishlab chiqarilib, shundan 55,2 mingtasi xorijga eksport qilingan.
Joriy 2015 yilning birinchi yarmida “GM Uzbekistan” avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan avtomobillar soni 119 ming 412 donani tashkil etdi.
XULOSA O`RNIDA
Jahondagi manaman degan avtomobil konserni va kompaniyalari moliyaviy-iqtisodiy inqiroz tufayli ishlab chiqarishni keskin kamaytirayotgan bir paytda, Ushbu korxonada ishlab chiarish sur`atlari tobora oshib borayotgani quvonarli hol, albatta.
Shu o`rinda yana bir gap: bugun yurtimizda davlat boshqaruvi organlari ochiqligini ta`minlovchi bir qancha me`yoriy hujjatlar amalga tatbiq etilgan. Shunday ekan, ism-sharifi sir tutilgan shaxslarning ma`lumotlariga tayanib emas, vakolatli organlarning mas`ul vakillaridan olingan axborotlarni omma e`tiboriga havola etish maqsadga muvofiq.





