O`zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumanida yangi masjid qurilishi bilan bog`liq sa`y-harakatlar boshlandi, deya xabar beradi O`zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati.
Ushbu masjid binosi tayyorlangan loyihaga ko`ra, hashamatli, kishilar uchun juda qulay va shinam bo`lishiga alohida e`tibor qaratilgan.
Bunyodkorlik ishlarining uzviy davomi sifatida,bu yil hamToshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumani hududida yangi masjid qurish ishlariga harakat boshlandi. Mazkur masjidni barpo etish uchun tuman hokimligi tomonidan shaharsozlik me`yorlari va qoidalariga muvofiq ravishda er maydoni ajratishga kirishildi.
Ta`kidlash joizki, qurilish ishlariga eng mohir usta va quruvchilar jalb etilishi rejalashtirilgan. Bunday ezgu ishga hissa qo`shish istagida, bunyodkorlar o`z mahoratlarini ko`rsatib, bor kuch-g`ayrat bilan mehnat qilishadi. Zero, masjid qurish, uni obod qilishning savobi ulug` ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Payg`ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Kim Allohning roziligini istab masjid qursa, Alloh unga jannatda qasr barpo qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Azim poytaxtimizda qad rostlaydigan ushbu jome masjid, xalqimiz uchun juda katta tuhfa bo`ladi, inshoalloh.





