2015-2016 o`quv yilida respublikadagi umumta`lim maktablarining 1-sinfiga 631 ming nafar o`quvchilarning kelishi kutilmoqda. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun yangi o`quv yiliga tayyorgarlik ishlarining borishi va maktab yarmarkalarining tashkil etilishiga bag`ishlab o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lumot berildi.
Mazkur bolajonlarga 12 nomdagi o`quv qurollaridan iborat “Prezident sovg`asi” tayyorlanib, umumta`lim maktablariga etkazildi. Ushbu sovg`alar “Bilimlar kuni” tadbirlarida o`quvchilarga tantanali ravishda topshiriladi.
Yangi o`quv yilida o`quvchilarni darslik va o`quv-metodik qo`llanmalar bilan ta`minlash masalasiga ham jiddiy e`tibor qaratildi. Jumladan, yangi o`quv yili uchun 454 nomdagi 25,7 mln. nusxa darsliklar va o`quv-metodik qo`llanmalarni chop etilib, joylarga etkazildi.
Shu bilan birga joriy yilda 1-sinflarga qabul qilinadigan o`quvchilar uchun jami 641,3 ming nusxa chet tili darsliklari, 2-sinflarga 591,9 ming nusxa darslik va mashq daftarlari hamda 3-sinflar uchun 593 ming nusxa darsliklar va mashq daftarlari, o`qituvchilar uchun jami 62,6 ming nusxa metodik qo`llanma va multimedia ilovalari chop etilib, maktablarga etkazildi. Bugungi kunda mualliflar guruhi tomonidan 4-sinf chet tili darsliklari yaratilmoqda.





