«Keksalarni e`zozlash yili» Davlat dasturida o`zbek xalqining keksalarni e`zozlash bo`yicha ko`p asrlik qadriyatlari va an`analarini aks ettiradigan to`liq metrajli badiiy film yaratish, shu bilan birga, mazkur hayrli ishni davom ettirgan holda har yili bosh qahramonlari keksalar bo`lgan kamida bitta badiiy film ishlab chiqarish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifalarni bajarish maqsadida «O`zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga muvofiq «San`at-ma`no» kinostudiyasida tasvirga olinayotgan komediya janridagi «Barakasini bersin» badiiy filmini ishlab chiqarish jarayoni yakuniy bosqichga kirdi, deya xabar beradi "O`zbekkino" MA.
Farhod Xudoyberdiev rejissyorlik qilayotgan mazkur filmda o`zbek xalqiga xos bo`lgan halollik, bag`rikenglik, keksalarni hurmat va izzat qilish, ardoqlash, ularning boy hayotiy tajribalari asosidagi nasihatlariga quloq tutish, duoi fotihalarini olish kabi ezgu fazilatlar hamda tarixiy qadriyatlarimiz haqida hikoya qilinadi.
Filmda Erkin Komilov, Farhod Abdullaev, Tolib Mo`minov, Rajab Adashev, Mamasoli Yusupov, Jamila G`ofurova, Ilmira Rahimjonova kabi taniqli va yosh aktyor-aktrisalar suratga tushdi. Hozirgi vaqtda filmning montaj ishlari yakuniga etib, ovozlashtirish jarayoni davom etmoqda. Kartina taqdimoti 2015 yilning kuz faslida bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.
Qayd etish joiz, ayni vaqtda «O`zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan tasvirga olinayotgan filmlardan «Dadil bo`l, Kamoliddin!»(rejissyor Elyor Hoshimov) kartinasi so`nggi bosqichga kirgan bo`lsa, «Ustyurtga yo`l» (rejissyor Abduvohid G`aniev), «Ajal jodusi» (rejissyor Hilol Nasimov),«Oyqiz ertagi» (rejissyor Akbar Bekturdiev) badiiy filmlarini tasvirga olish ishlari davom etmoqda.
Bundan tashqari, rejissyor Rustam Sa`diev tomonidan giyohvand moddalar savdosining zarari haqida«Lolaqizg`aldoq», rejissyor Zulfiqor Musoqov tomonidan inson ruhiy kechinmalari haqida «Kuzning bir kuni», rejissyor Sobir Nazarmuhamedov tomonidan, «Keksalarni e`zozlash yili» davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida, safarga otlangan uch do`stning falsafiy mushohadalari haqida «Toliqqan ko`ngillar oyga talpinar» nomli kartinalar ham ishlab chiqarishga tushirildi.
O`z navbatida, «O`zbekiston Respublikasida 2015 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar dasturi»ning 84-bandi ijrosi bo`yicha yoshlarning aqidaparast oqim va sektalikka asoslangan turli noqonuniy va noan`anaviy missionerlik jamoalari ta`siriga tushib qolishining oldini olishga qaratilgan «So`nggi pushaymon» nomli badiiy filmni yaratish ishlari Nozim Jumaev rejissyorligida 2015 yilning iyun oyidan boshlab yuborildi.





