Hademay, ko`z ochib yumguncha kuz-ish mavsumi ham etib keladi. Tahririyatimizga respublikamizning turli hududlaridan kelayotgan mavsumda gaz ta`minotidagi o`zgarishlar borasida talay murojaatlar bo`lyapti. Birgina 2015 yilning o`tgan davri mobaynida fuqarolardan turli masalalar yuzasidan tahririyatimizga bo`lgan qariyb 1000 ta yozma murojaatning 65 tasi aynan shu mavzuda. Ana shu bois hududlardagi gaz ta`minoti masalasining joriy yilning kuz-qish mavsumiga tayorgarligi yuzasidan “O`ztransgaz” AK matbuot xizmati xodimi Azamat To`raevdan ma`lumot oldik. Xo`sh, bu borada e`tiborga olingan jihatlar va rejalar nimalarda iborat?
KAMChILIKLAR O`RGANILDI, MAQSADLAR BELGILANDI
- Aholi tarqoq istiqomat qiladigan, tabiiy gaz etib borishi qiyin bo`lgan tog`li va chekka qishloq hududlariga suyultirilgan gaz etkazib berishda ham uzluksiz ta`minot darajasiga erishilmoqda. Ammo shunga qaramay, “O`ztransgaz” AK faoliyatiga tanqidiy yondashilib, aholiga suyultirilgan gaz etkazib berishda uchragan ba`zi kamchiliklar o`rganib chiqildi. Kamchiliklarni takrorlamaslik, suyultirilgan gazga ehtiyojmand hududlarni uzluksiz qat`iy tartibda muayyan muddatlarda ta`minlashni belgilash maqsadida 2012 yil 21 dekabrda “O`ztransgaz” AKning 848-sonli ichki buyrug`i talabiga ko`ra, har yili 1 iyul holatiga barcha tumanlarda suyultirilgan gazdan foydalanadigan xonadonlar va ulardagi mavjud jihozlari soni qishloq va mahalla fuqarolar yig`inlari bilan birgalikda xatlovdan o`tkazilishi hamda joylardagi mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlanadigan bo`ldi. Shuningdek, aholiga ajratilgan suyultirilgan gaz hajmalari bo`yicha tegishli korxonalar bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzib borilishi ta`minlashi va gaz to`ldirish stansiyalariga maxsus avtotransport vositalari hamda temir yo`l sisternalarida tashish ishlari tashkil etilishi shartligi belgilangan.
JORIY YILDAGI VAZIYaT QANDAY BO`LADI?
- Joriy yilning yakuniga borib reja bo`yicha 2 348 393 ta xonadonga suyultirilgan gaz etkazib berish rejalashtirilgan. Aholi soni ortib borishi bilan suyultirilgan gaz etkazib berish jarayoni ham kengayib boraveradi. Bu esa olib borilayotgan ishlar miqdorini kengaytirish uchun yangi rejalar asosida ish olib borishni talab etmoqda. Shuning uchun ham “O`ztransgaz” AK tomonidan mavzuga bog`liq reja tuzilib, respublika miqyosida yana 14 ta maishiy gaz ballonlarga suyultirilgan gaz to`ldirish punktlari, aholiga yaqin hududlarda 12 ta suyultirilgan gaz tarqatish servis markazlari qurilib ishga tushiriladi. MAN rusumli tirkama avtotransportlari soni 43 taga, ISUZUlar esa 63 taga ko`paytiriladi va ularning barchasi “GPS” — navigator bilan jihozlanadi. Ularning grafik jadval asosida harakatlanishi internet tarmog`i orqali monitoring asosida nazorat qilinadi. Maishiy gaz ballonlari ko`paytirilishi natijasida 600 000 donadan oshiriladi. Shu bilan birgalikda zavodlardan suyultirilgan gazni temir yo`lda tashib chiqarish va o`z vaqtida gaz to`ldirish punktlariga etkazib berish uchun “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatidan qo`shimcha yana 52 ta vagon sisternalari ijaraga olinadi.
SUYuLTIRILGAN GAZ UChUN ShARTNOMA QANDAY TUZILADI?
- Suyultirilgan gazga ehtiyojmand aholi ayni shu holat yuzasidan tuman gaz idorasi bilan shartnoma imzolashi kerak. Shartnoma imzolash uchun esa avvalo tuman gaz idorasiga ariza bilan murojaat qilinadi. Arizaga esa quyidagi hujjatlar ilova qilinishi shart:
- Mahalla fuqarolar yig`ini tomonidan ma`lumotnoma;
- STIR (INN) — soliq to`lovchining identifikasion raqami haqidagi ma`lumotnomaning nusxasi;
- Jamg`arib boriladigan pensiya daftarchasining nusxasi;
- Pasport nusxasi.
ON-LAYN BUYuRTMA BERISh
- Respublikamizda aynan suyultirilgan gazga buyurtma berish uchun L-gaz nomli maxsus dastur ishlab chiqildi. Dastur doirasida esa Sall-markazlari ishga tushirish yo`lga qo`yilgan. Bu xizmatdan suyultirilgan gaz ta`minotiga ehtiyojmand aholi shartnoma imzolangach, foydalanish imkoniyatiga ega bo`ladi. Bu on-layn xizmat orqali aynan suyultirilgan gaz ta`minoti borasidagi iste`molchilarning murojaatlari qabul qilinadi.
Hozircha Xorazm viloyatida 1061 Sall-markazi faoliyat olib bormoqda. 5 nafar operator mazkur markazda aynan suyultirilgan gaz ta`minoti bo`yicha viloyat aholisining har qanday murojaatini qabul qilmoqda. Iste`molchi esa operatorga bor-yo`g`i abonent raqamini aytadi, xolos. Uning murojaati qabul qilinadi va o`rganiladi. Markazlashgan ma`lumotlar bazasida iste`molchining yashash hududi, ism-sharifi va u haqidagi boshqa ma`lumotlar aynan ana shu abonent raqami orqali kiritilgan. Kelgusida esa bu imkoniyat respublikaning barcha hududlarida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
YaNA BIR MUHIM YaNGILIK
Yaqin kelajakda suyultirilgan gazga ehtiyojmand aholi internet tarmog`i orqali to`ldirilgan maishiy gaz ballonlarga istalgan joyda turib buyurtma berish imkoniyati yaratiladi.
- MA`LUMOT UChUN
Bugungi kunda respublikamizda gazlashtirish darajasi 90 foizga etgan. Respublikamizning barcha hududlarida 13 605 834 ta uy-joy, 80 912 ta ulgurji iste`molchi, ya`ni 4 964 ta sanoat korxonasi, 17 833 ta maishiy va ijtimoiy ob`ekt hamda 58 115 ta yakka tartibdagi tadbirkorga gaz etkazib berilmoqda.
- Mavzuga oid
“TABIIY GAZ TA`MINOTIGA UMID BORMI?”
Biz yashayotgan hududda tabiiy gaz taqchilligi kuzatiladi. Shuning uchun ko`pchilik suyultirilgan gazdan foydalanadi. Avvallari gaz balloni ishlatsak ham gazolin ajralmasdi. Hozirda esa buning aksi bo`lyapti. So`ramoqchi bo`lganim esa: yaqin yillarda tabiiy gazdan foydalanish imkoniyati bo`ladimi?
Karimjon Madazimov, Farg`ona viloyati
Sodda QFY So`filar mahallasi
GAZ BALLONNI XUSUSIY AYoQShLARDA TO`LDIRMANG!
Murodilla Boshmanov, “O`ztransgaz” AK boshqaruv raisi o`rinbosari
- Murojaatchi fuqaroning xonadoni tabiiy gaz bilan gazlashtirilgan bo`lib, “Toshloqtumangan” filiali bilan shartnoma tuzilmagan. Fuqaro qish mavsumida tabiiy gaz bosimi pasaygan paytlarda mavjud qoidalarga zid ravishda xususiy avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasidan o`zining shaxsiy 10 kg. maishiy gaz balloniga suyultirilgan gaz to`ldirib foydalanish holatida gaz ballonida gaolin (gaz qoldig`i) qolayotganini ma`lum qilgan. Hozirgi kunda esa xonadon tabiiy gaz bilan me`yorda ta`minlanayotganligi bois ta`minot bo`yicha hech qanday e`tirozi yo`qligini bildirdi.
TAHRIRIYaT: vakolatli organ tomonidan suyultirilgan gaz ta`minotiga ehtiyojmand iste`molchilar faqatgina amaldagi tartiblarga rioya qilinishi tavsiya etilmoqda. Agar iste`molchi farg`onalik mushtariy kabi gazolin muammosiga duch kelishni istamasa, gaz ballonlarni xususiy AYoQShlarda to`ldirmasdan, tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilib, shartnoma tuzgan holda kafolatli xizmatdan foydalanishi maqsadga muvofiq.
SOVUQQON NAZORATChIGA ChORA KO`RILDI
Yoki hisob-kitob mashmashasi
Namangan viloyati To`raqo`rg`on tumani Sohilobod mahallasi Raimqulov ko`chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Dilbar Jo`raevaning gaz iste`moli uchun amalga oshirgan to`lovlari borasida qilgan murojaati ham “O`ztransgaz” AK mutasaddilari tomonidan o`rganildi.
“O`ztransgaz” AK boshqaruv raisi o`rinbosari Murodilla Boshmanov imzosi bilan olingan ma`lumotda qayd etilishicha, fuqaroning “Foydalanilgan tabiiy gaz uchun hisob-kitobga aniqlik kiritish” masalasida yozgan murojaati “Vodiygazta`minot” UK Namangan viloyati gaz ta`minoti boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o`rganildi.
Natijaga ko`ra esa xonadonning foydalanilgan tabiiy gazdan 230 000 so`m qarzdorligi ushbu hudud nazoratchisi B.Davlatovning o`z ishiga sovuqqonlik bilan qaraganligi sababli kelib chiqqan. Asossiz ravishda qarzdorlik keltirib chiqarganligi uchun B.Davlatovdan 230 000 so`m amaldagi tartiblar doirasida undirildi. Shuningdek, 2015 yilning 12 iyun holatiga iste`molchini tabiiy gazdan qarzdorligi mavjud emasligi ma`lum qilindi.
Barno Madalieva





