AsosiyJamiyat

Amaldorni tuzoqqa tushirgan san`atkor

 “O`zbeknavo” estrada birlashmasining hududiy rahbari 200 AQSh dollari uchun qora kursiga o`tirdi Ruhafzo (ismi o`zgartirilgan) san`atga kirib kelganiga hali uncha bo`lgani yo`q. Hali u darajada tanilib ulgurmagan bo`lsa-da, har qalay, qo`shiqlari ahyon-ahyonda radio va telekanallarda aylanib turibdi. Katta-kichik tadbirlarda ham ko`rinish berdi. Bu yoqda to`y-hasham, xalq xizmatlari degandek... Bir paytlar Ruhafzo san`atkorlarga havas-la boqar, san`atning noni qanchalik qattiq bo`lishini, bu olamning ham o`ziga yarasha qing`ir-qiyshiq ko`chalari borligini keyinchalik angladi. O`tgan yilning kuz oylari edi. To`y-tantanalar bilan yurib, “O`zbeknavo” estrada birlashmasidan berilgan lisenziya muddati tugaganini ham sezmay qoldi. Demak, yangi lisenziya olish kerak. Aks holda jarimaga tortilishi mumkin. Ruhafzo yangi hujjatni olgunicha oradan ancha vaqt o`tdi. Ruhafzo shu maqsadda “O`zbeknavo” estrada birlashmasining hududiy bo`limiga yo`l oldi. Bo`lim boshlig`i Tojivoy Zokirov (ism-familiyasi o`zgartirilgan) uni allanechuk soxta mulozamat bilan kutib oldi. — Ie, ie xonim, bormilar? Keyingi paytlarda kamnamo bo`p qoldilar, tinchlikmi? Ruhafzo rahbarning o`tkir nigohi, tagdor so`zlaridan xiyla o`zini yo`qotib qo`ydi: — Shu... lisenziya olmoqchi edim. Muddati o`tib ketibdi. Zokirov xonandaning hujjatlarini ko`zdan kechirib, miyig`ida kulimsiradi. — Ie xonim, lisenziyangiz tugaganiga ancha bo`p qopti-ku, yurishingizni qarang. O`zi sizni yaxshigina jarima qilish kerak ekan-ku? — Men lisenziya tugaganidan keyin to`yga ham, tadbirga ham bormadim. — Shunaqa deng, — ishonchsizlik bilan kulimsiradi Zokirov. — Sizdek chiroyli, xushovoz xonandalarimga xizmat qilsak qilibmiz-da. Faqat, sizam qarab turmassiz? — Xo`p, men nima qilishim kerak? – so`radi xonanda. Zokirov “bir daqiqa kuting” degandek ko`rsatkich barmog`ini ko`rsatib, xizmat telefonini ko`tardi. — Yaxshimisiz? Bir chiroyli singlimizga lisenziya kerak bo`p qoldi. Faqat tezroq. Shuni nima qildik? Ha endi... xarajatsiz ish bitarmidi? Kelishtirib aytasiz-da!.. Tushunarli, bo`pti. — Zokirov go`shakni qo`yib, yana xonandaga tikildi. — Lisenziya bo`limi bilan gaplashdim. O`zi bunaqa ishlarning “stavka”si balandroq. Sizga “ustupka” qilyapmiz. Xullas, ikkita qog`oz bilan ishingiz bitdi hisob. Ruhafzo kuppa-kunduz kuni undan pora talab qilayotgan amaldorga qarab ich-ichidan nafrati to`lib toshsa-da, sir boy bermadi. — Shu xolosmi? — dedi sipolik bilan. — Agar ko`nglingiz to`lmayotgan bo`lsa, birorta ziyofatga ham yo`q demaymiz, — ayyorona jilmaydi Zokirov. ...Ruhafzo tashkilot binosidan chiqib borarkan, hamon o`zini qo`lga ololmasdi. Axir bu borib turgan qaroqchilik emasmi? Unga bu kursini nima uchun berib qo`yishgan? Zimmasidagi mas`uliyatni xolisona ado etish uchunmi yo tamagirlik bilan cho`ntak qappaytirish uchunmi? Yo`q, buni shunday qoldirib bo`lmaydi. Bunaqa kimsalarning joyi bu erda emas. Bunaqalarning ko`zini ochib qo`yish kerak. Oradan ikki-uch kun o`tib, Ruhafzo yana “O`zbeknavo”ning hududiy bo`limi binosiga keldi. Uni Zokirov o`z xonasidan umidvorlik bilan kutib o`tirardi. — Keling xonim, kuttirishni ham boplar ekansiz, — deya unga o`tirgani joy ko`rsatdi. — Quruq kelmagandirsiz? Zokirov ayol uzatgan ikkita ko`kimtir qog`oz pulni hali ko`ylagining cho`ntagiga joylashga ulgurmagan ham ediki, eshik ochilib, fuqarolik kiyimidagi tegishli idora xodimlari kirib kelishdi. — O`rtoq Zokirov, siz jinoyat ustida qo`lga olindingiz!... ...Zokirov o`zini har yoqqa urishdan foyda yo`qligini anglab, taslim bo`la qoldi. Sud barcha materiallarni atroflicha o`rganib, Zokirovni shartli jazoga mahkum etdi. Tojivoy Zokirov bilan yuz bergan bu mojaro uning o`ziga ham, u singari ayrim amaldorlarga ham ibrat bo`lsa ajab emas. Sohib Ixtiyor, jurnalist Sud materiallari asosida tayyorlandi.

    Boshqa yangiliklar