O`zbekiston Respublikasi hukumatining topshirig`iga ko`ra, Milliy xavfsizlik xizmati mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan narkobiznesga qarshi kurash davomida musodara qilingan giyohvandlik vositalarining navbatdagi to`plamini yo`q qilish tadbirini o`tkazdi.
Bugun idoralaro komissiya tomonidan 1 tonna 400 kilogramm giyohvandlik vositalari, shu jumladan 133,3 kilo geroin, 775 kg opiy, 309 kilo marixuanna, 93,2 kilo gashish, 84 kilo ko`knori, ko`plab nasha o`simliklari, tabletka va eritma shaklidagi giyohvandlik vositalari yoqib yuborildi.
Respublikamizda amal qilayotgan tartibga muvofiq, sudda ashyoviy dalil sifatida o`tgan giyohvandlik vositalari hukm qonuniy kuchga kirgach, maxsus pechlarda Narkotik moddalarni nazorat qilish davlat komissiyasi a`zolari ishtirokida yo`q qilinadi. Yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari BMT, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida yoqiladi.
Aytish joizki, so`nggi 21 yilda O`zbekiston tomonidan 54 tonna giyohvandlik vositasi yo`q qilindi. 1994 yilning may oyida ilk bor 14 tonna giyohvandlik vositasi yoqish yo`li bilan yo`q qilingan edi.





