AsosiyJamiyat

Islom Hamkorlik tashkilotining Bosh kotibi O`zbekistonga tashrif buyurdi

Joriy yilning 7 iyun kuni Islom Hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyod Amin Madaniy boshchiligidagi delegasiya rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga etib keldi, bu haqda Din ishlari bo`yicha Qo`mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bugun 8 iyun kuni delegasiya a`zolari Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilish maqsadida “Hazrati imom” majmuasiga tashrif buyurdi. Mehmonni O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi o`rinbosari A.Mansurov, Din ishlari bo`yicha qo`mita xalqaro aloqalar bo`limi boshlig`i D.Bobojonov va O`zbekiston musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo`limi mudiri M-A.Shokirovlar kutib oldilar.

A.Mansurov hurmatli mehmonlarga Hazrati imom majmuasi tarixi, ushbu erda amalga oshirilgan keng bunyodkorlik ishlari, majmuada joylashgan Usmon musxafi tarixi to`g`risida so`zlab berdi. Mehmon majmuani ko`zdan kechirib, bu erdagi qadimiy yodgorliklar islom tarixida yuksak baholanishini ta`kidlab, esdalik kitobiga o`zidagi iliq taasurotlarni bayon qildi.

Shu kunning o`zida O`zbekiston musulmonlari idorasi nomidan mehmon sharafiga tushlik uyushtirildi. Unda Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi O.Yusupov va O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimovlar qatnashdi.

Tushlikdan so`ng O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov mehmonlarga esdalik sovg`alarini topshirdi.

Iyod Amin Madaniy respublikamizga tashrifidan o`ta mamnun ekanligini, chuqur taassurotlar olganini izhor etdi hamda mamlakatimizga yana alohida kelishini ma`lum qildi.

 

    Boshqa yangiliklar