Singapurda shaxmat bo`yicha maktab o`quvchilari o`rtasida o`tkazilgan Osiyo chempionatida yosh sportchilarimiz 2 ta oltin, bitta kumush va 2 ta bronza medalni qo`lga kiritdi.
Nufuzli musobaqaning etti yoshgacha bo`lgan qizlar o`rtasidagi bahslarida hamyurtimiz Muattar Jo`raeva ikki marta shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi, deya xabar beradi O`zA.
Iqtidorli sportchimiz standart shaxmat bo`yicha to`qqiz turdan iborat musobaqaning birontasida mag`lubiyatga uchramadi va 8 ochko bilan oltin medalni qo`lga kiritdi. U musobaqa davomida Shri-Lanka, Hindiston, Qozog`iston va Filippin shaxmatchilari ustidan g`alaba qozonib, Birlashgan Arab Amirliklari va Singapur vakillari bilan durang o`ynadi. M.Jo`raeva blis shaxmat bo`yicha o`tkazilgan bahslarda ham munosib ishtirok etib, 8 ochko bilan birinchi o`rinni egalladi.
Etti yoshgacha o`g`il bolalar o`rtasidagi bahslarda qatnashgan Oqjul Rahmatullaev blis shaxmat bo`yicha besh ochko bilan kumush, standart shaxmat bo`yicha etti ochko to`plab, bronza medal bilan taqdirlandi.
To`qqiz yoshgacha o`g`il bolalar o`rtasida Olmos Rahmatullaev blis shaxmat bo`yicha o`tkazilgan bahslarda olti ochko jamg`arib, uchinchi o`rinni egalladi.





