AsosiyJamiyat

Alimentdan qochgan er sud hukmidan qocholmadi

O`tkirbek bilan Risolat (voqeadagi ism-shariflar o`zgartirilgan) bundan o`n yil oldin orzu-havaslar  bilan, bir-birlarini sevib, turmush qurishgandi. Shundan so`ng bu oilada birin-ketin farzandlar tug`ildi. Ayniqsa birinchi farzandi Hamid tug`ilganida O`tkirbek butun dunyoga "Men ota bo`ldim" deb jar solgisi kelgandi. Ular baxt og`ushida edilar. Qizi Munavvara tug`ilganida ham ular juda quvonishgandi. Ular juda baxtli edilar.

Olaxurjunni bo`yniga ilingach...

O`tkirbek ko`payshganidan so`ng ro`zg`or tebratishga qiynalib qoldi. Ana shundan so`ng bu oilada kelishmovchiliklar yuzaga keldi. Risolat qanday qilib bo`lsa-da ro`zg`orni butlashga harakat qilar, turmush o`rtog`idan ham shuni talab qilardi. Bu esa biroz tantiq, erkatoy bo`lib voyaga etgan O`tkirbekka yoqmasdi.

—Dadasi, yalpayib o`tiravermasdan tuzukroq ish topishning harakatini qilsangiz-chi? Oshxonadagi oziq-ovqatlarning xam tagi ko`rinay deb qoldi! —deya jig`ibiyron bo`ldi bir kuni Risolat.

—Borini eplab tursang-chi! Tugab kolsa mehribon qaynonamga xabar ber. Samarqanddan sevimli qizi va nabiralari uchun to`lib-toshib keladi.

—Uyalmaysizmi, shunday degani! Axir bu uyning erkagi siz-ku! Men hech qachon ota-onamdan oziq-ovqat so`ramayman.

—Bo`lmasa o`zing pul top! Bolalarga enaga yolla! —dedi O`tkirbek.

                   “Nasihatingizga zor emasman!”

Risolat u bilan bahslashish befoydaligini anglagach gapirmay quya qoldi.  Uydagi oziq-ovqat mahsulotlari xam tugadi. Ammo O`tkirbekning parvoyi palak edi. Noiloj kolgan Risolat onasidan yordam so`rab qo`ng`iroq qildi. Onaizor tezda qanot bog`lab Samarqanddan Toshkentga go`yoki uchib keldi. Kuyovini yoniga o`tkizib nasihat qildi.

—Mening oilamga aralashmang! Nasihatingizga zor emasman, —deya qaynonasining dilini og`ritdi kuyov.

Qaynona tilini tishladi. Qiziga sabr-toqat tilab, kuyoviga insof tilab ortiga qaytdi. O`tkirbekka esa endi janjallashish uchun bahona topildi. Qaynonasini oilasiga  aralashganlikda ayblab Risolatga kun bermay qo`ydi.  Shundan so`ng bu uyda yashashning iloji bo`lmagach, ayol ikki bolasini olib Samarqandga — ota-onasining uyiga ketdi. Turmush o`rtog`ini bir yil kutdi. Ammo undan darak bo`lmadi. Hattoki telefon orqali bo`lsada bolalaridan hol-ahvol so`ramadi.

                                      Xotin erni sudga berdi

Risolat bolalarini moddiy tomondan ta`minlashga qiynaldi. Shuning uchun 2012 yilda aliment undirish maqsadida fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulugbek tumanlararo sudiga murojaat qildi. Sud ikki nafar farzandining ta`minoti uchun turmush o`rtog`ining har oydagi ish xaqidan  aliment undirish haqida hal qiluv qarori chiqardi. Sud ijro varaqani Mirzo Ulug`bek tuman sud ijrochilar bo`limiga yubordi.

Sud ijrochilari tomonidan 2012 yilning sentyabr oyi uchun 100.000 so`m O`tkirbek tomonidan aliment uchun undirildi. Shundan so`ng g`azab otiga mingan ota turmush o`rtog`idan o`ch olish uchun shu paytgacha ularga bir so`m pul ham jo`natmadi, holidan xabar ham olmadi.

Risolat esa moddiy tomondan qiynalib qolganligi tufayli bir necha marotaba turmush o`rtog`idan aliment pullarini undirib berishlarini surab sud ijrochilari bo`limiga murojaat qildi.

O`tkirbek esa aliment to`lashi lozimligi haqida ogohlantirilgan bo`lsada, ataylabdan biron-bir korxonada rasmiy ravishda ishlamasdan uch yil davomida, aliment to`lashdan bo`yin tovlab keldi.

                                      To`qqiz millionlik aliment

Oila kodeksining 140-moddasiga muvofiq, agar aliment to`lashi lozim bo`lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo`lsa yoki daromadlarni tasdiqlovchi hujjat taqdim qilinmagan bo`lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtdagi amalda bo`lgan o`rtacha oylik ish haqi miqdori bo`yicha hisoblab chiqilishi ko`rsatilgan.

O`tkirbek dastlabki tergov jarayonida aliment uchun 295.000 so`mgina to`ladi. U o`zini oqlash uchun "ustachilik qilib zo`rg`a ro`zg`or tebratayapman" dedi tergov jarayonida.

Sud sudlanuvchi O`tkirbek Jasurbekovdan jabrlanuvchi Risolat Xolboboeva foydasiga 9.124.442 so`m 80 tiyin miqdorida aliment qarzini undirishni lozim deb topdi. Shuningdek, O`.Jasurbekovga Jinoyat kodeksining 122-moddasining 1-qismi bilan aybdor deb topib, har oylik ish haqidan 20 foizini davlat foydasiga undirilgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Dada-Ali ZUFAROV,

Mirzo Ulug`bek tuman prokurori katta yordamchisi

Xonbibi HIMMAT qizi,

jurnalist  

    Boshqa yangiliklar