19 mayda 6 kunlik “Dilga yaqin” nomli konsertiga start bergan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Alisher FAYZ “Yana bizni uchrashtirdi muhabbat, Yorug` yuz-la yuzlashtirdi muhabbat. Dilga yaqin diydorlar qarshisida, Qo`shiq bilan so`zlashtirdi muhabbat”, deya dilga yaqin muxlislariga hozirlagan sovg`alarini birin-ketin taqdim etdi...
ShERDOR MADRASASI “ISTIQLOL” SAHNASIDA
Parda ochilishi bilan “Istiqlol” san`at saroyi sahnasida qad rostlagan Samarqanddagi Sherdor madrasasi darvozalari ochilib, Alisher Fayz paydo bo`ldi. Qo`lida sham tutgan “Parizod” raqs ansamblining raqqosalari esa xonandaning “Muhabbat-la” nomli qo`shig`iga sahnalashtirilgan ajoyib raqsni taqdim etishdi. Zalning ikki tomoniga o`rnatilgan katta ekran esa orqa qator va “balkon”dagi muxlislar uchun yanada qulaylik yaratdi.
KOMILJON OTANIYoZOV IJODIGA MUROJAAT
Alisher Fayz “go`dak ham qoqila-qoqila yurishni o`rganadi. Shunday ekan, qo`shiqning xato-kamchiliklari uchun uzr so`rayman”, deya Xorazm bulbuli Komiljon Otaniyozovning “Na tilar” qo`shig`iga ikkinchi hayot bag`ishladi.
FAYZ SAHNADA PARIZODANING SIRINI FOSh ETDI
“Raqqosa Parizodaning asl ismi Dilnoza ekanidan xabaringiz bormi? Shundayligiga ishonmasangiz, hozir chaqiraman”, deya “Dilnoz”ni sahnaga chorlagan xonanda goh zebigardon, goh gul va tilla uzuk berib, raqqosa Parizodani rom etmoqchi bo`ldi. Bir qancha sovg`ani rad etgan Parizoda uzuk taqish ilinjida turgan xonandaga qo`l cho`zdi-yu, Fayzni chuv tushirib, sahnani tark etdi. Mazkur sahnalashtirilgan chiqish xonandaning aktyorlik mahoratini ochib berdi. Ha aytgancha, Parizodaning jasoratiga qoyil qolmay iloj yo`q. Axir etti oylik homilasi bilan sahnada raqs tushishga hamma ham jur`at etavermaydi.
“ELKAMGA MIN. ZIYoRATGA KETDIK ONA!”
“Talabalik yillarim “hopiz bolam” deb erkalatib uzundan uzoq duo qiladigan buvimni mashhur san`atkor bo`lganimda qo`llaridan tutib ziyoratlarga olib borishni dilimga tugib qo`ygandim”, dedi xonanda. Biroq, kasbi taqazosi bilan hatto buvisini so`nggi yo`lga kuzatolmagani haqidagi ta`sirli monologidan so`ng jonli ijrodagi “Ziyoratga” nomli qo`shig`ini kuylab, nafaqat muxlislarn yig`latdi, balki o`zining ham ko`zlari yoshlandi.
SERIALLAR NIShONGA OLINDI
Qiziqchi Botir Imomxo`jaevning Alisher Fayz haqidagi hangomasidan so`ng satang xotin qiyofasida chiqqan so`z ustasi Ma`mur Xolmedovni muxlislar tabassum bilan qarshi oldi. O`zini Izaura deb tanishtirgan Ma`mur Xolmedov bo`ydoq tomoshabinni sahnaga olib chiqib, impravizasiya tarzida raqs tushishdi. Bu raqsni so`z bilan tasvirlab bo`lmaydi, ko`rish kerak xolos. Qiziqchilar TVlarda qayta-qayta beriladigan seriallarni birma-bir aytib, kosa tagida nim kosa tarzida askiya qilishdi.
FAKT:
- Konsertda jami 23 ta qo`shiq ijro etildi. Ulardan 15 tasi yangi ijod mahsuli.
- “Parizod”, “Jayron” va “Suvoriylar” raqs ansabli rango-rang raqslarni tuhfa etishdi.
- Konsert rejissyori Lutfulla Allaqulov.
- Xonandaning liboslar dizayneri Shahnoza Qayumbekova.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.





