AsosiyJamiyat

Kompyuterlashtirilgan pochta aloqa ob`ekti soni 1728 taga etdi

Milliy matbuot markazida «O`zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyatida axborot-kommunikasiya texnologiyalarining o`rniga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.

O`tgan davrda kompyuterlashtirilgan pochta aloqa ob`ekti soni 1728 taga etdi.

Pochta aloqa ob`ektlari jamiyatning korporativ kompyuter tarmog`idagi «Elektron pul o`tkazmalari», «To`lovlarni qabul qilish tizimi», «Pensiya to`lovlari hisob-kitobi va nazorati tizimi», «Ro`yxatga olinuvchi pochta jo`natmalarini nazorat qilish tizimi» va «Obuna» avtomatlashtirilgan tizimlariga bog`langan.

Avtomatlashtirish tizimlarining joriy etilishi pochta aloqasi xizmatlari sifatining yaxshilanishiga ham ijobiy ta`sir o`tkazmoqda. Bu borada pochta tizimining xalqaro «PRIME» tizimiga ulanishi muhim ahamiyatga ega bo`ldi. Mazkur tizim e`tiroznoma tushgan xalqaro posilkalarni tez va samarali qidirish bo`yicha Butunjahon pochta ittifoqining «IBIS» xalqaro axborot tizimiga hamda xalqaro xat-xabarlar, jumladan, buyurtmali, qiymati e`lon qilingan va Express jo`natmalarni qidirishda e`tiroznomalarni pochta operatorlari o`rtasida elektron shaklda almashish imkonini beradi. Ushbu tizimdan foydalanishning yo`lga qo`yilishi, pochta operatorlari o`rtasida e`tiroznomalar almashinuvini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Xizmat ko`rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida jamiyatning  www.post.uz va www.pochta.uz saytlari doimiy ravishda modernizasiya qilinmoqda.

Aholining davriy nashrlarga obunasini tashkil etishda elektron to`lov tizimi yo`lga qo`yilmoqda. Buning natijasida fuqarolar plastik kartochkalari yordamida «O`zbekiston pochtasi»ning internetdagi sayti orqali gazeta va jurnallarga obuna bo`lishlari mumkin bo`ladi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

 

    Boshqa yangiliklar