O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening taklifiga binoan 27 may kuni davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasiga keldi, deya xabar beradi O`zA.
Taomilga binoan O`zbekiston Prezidenti sharafiga Seul aeroportida ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko`tarildi va faxriy qorovul saf tortdi. Rasmiy kutib olish marosimidan so`ng O`zbekiston delegasiyasi o`zi uchun ajratilgan qarorgohga yo`l oldi.
Seul ko`chalari O`zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasining davlat bayroqlari, oliy martabali mehmonni qutlovchi shior va bannerlar bilan bezatilgan.
Ushbu tashrif O`zbekiston – Janubiy Koreyaning muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlari doirasida o`tmoqda. Ular davlatlarimizning o`zaro aloqalariga doir keng ko`lamli masalalarni muhokama qilish, hamkorlikning ustuvor yo`nalishlarini belgilash, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini bermoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat tashrifining asosiy tadbirlarini, jumladan, Koreya Respublikasi Prezidenti va boshqa rahbarlari bilan rasmiy muzokaralar, etakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvlarni 28-29 may kunlari o`tkazish mo`ljallangan.
Avval xabar qilinganidek, tashrif chog`ida ikki davlat rahbarlarining Qo`shma deklarasiyasi qabul qilinishi va o`zaro munosabatlarni 2014 yilda imzolangan Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to`g`risidagi qo`shma deklarasiya ruhida mustahkamlashga qaratilgan bir qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.





