AsosiyShou-biznes

Nargiza SALMONOVA: “Bir qolipga tushib qolishdan qo`rqaman”

"Darakchi" gazetasidagi "Qaltis savol" loyihasining galdagi qahramoni tabassumi bilan muxlislar e`tiborini qozongan iste`dodli aktrisa Nargiza SALMONOVA...

1. Nargiza, “O Maryam, Maryam” filmidagi rolingizdan so`ng tomoshabinlardan “onam sizni yomon ko`rib qoldilar, hatto qarg`aydilar”, degan fikrlarni ko`p eshitadigan bo`lib qolgansiz. Bu albatta o`z ishingizni maromiga etkazganingizdan darak. Shunday rollarni ijro etmaslikka o`zingizga o`zingiz so`z bergan bo`lsangiz kerag-a?

— Muxlislarning nafratidan qo`rqmayman. Boisi boshqa ijobiy rollarim bilan ularning mehrini qozonishimga ishonaman. Rejissyorlarning taklifiga rozi bo`lishdan avval ssenariyni o`qib chiqaman. Agar tomoshabin uchun tarbiyaviy ahamiyat kasb eta oladigan darajadagi salbiy rol bo`lsa, bajonidil ijro etaman. Professional aktrisa serqirra bo`lishi lozim. Bir “qolip”ga tushib qolishdan qo`rqaman!      

2. Nargiza Salmonova uchun filmlardagi bosh qahramonlar rolini ijro etish afzalmi yo teatr sahnasida iste`dodini namoyish etish?

— Bolaligimda har gal teatrga borib, spektakl ko`rish mobaynida aktyorlarning ijrosidan etim jimirlardi. Teatrda ishlash bu — bolalik orzuim. Nasib etsa, ibratxona sahnasida ijod qilish niyatidaman. Masalan, Yosh tomoshabinlar teatrida ishlagan bo`lardim. Boisi bolajonlarni judayam yaxshi ko`raman. Lekin hozircha filmlardan ortolmayapman (kuladi).     

3. San`atkorlar “xolis tanqidni qabul qilaman”, deyishadi. Sizning tushunchangizda xolis tanqid qanday?

— Bilasizmi, jamoat joyida tanqid qiladiganlarni xushlamayman. Xolis tanqid bu — yakkama yakka suhbat. Masalan, o`qituvchi o`quvchisiga sinfdoshlarining yonida “yomon o`qiysan”, deb kamsitaversa, uning o`ziga bo`lgan ishonchi yo`qolib boradi. Bu jarayonga bolaligimda guvox bo`lganman. O`rinli tanqid qilishmoqchi bo`lsa, marhamat chetga olib, fikrlarini yuzimga aytishlari mumkin.

4. Kinoda sizga munosib “turmush o`rtoq” — Adiz Rajabov, Akbarxo`ja Rasulov, Aziz Rametov, Sherzod Bin?

— Adiz Rajabov va Aziz Rametov. Maktabda o`qib yurgan kezlarim Adiz Rajabov ishtirok etgan filmlarni sevib tomosha qilardim. Bu aktyor bilan partnyor bo`lib ishlash orzuim edi. Shu sabab hozir birorta filmda partnyorim Adiz Rajabov ekanini bilsam, quvonchim ichimga sig`maydi. Aziz Rametov bilan esa “ELDIDO” guruhining “Seni deb” qo`shig`ining klipida ishlaganmiz. Bor yo`g`i bir marota partnyor bo`lganimizga qaramay, iliq taassurot qoldirgan. Chunki partnyor sifatida so`zsiz his-tuyg`uni ko`z orqali bera olgan. Afsuski, o`shandan keyin hamkorlik qilish nasib etmadi.    

5. Shunchaki ekranda ko`rinish uchun gonorar olmay suratga tushgan filmingiz ham bormi?

— Yashirmayman, debyutant aktrisa ekanimda filmlardan gonorar olmay suratga tushganman. Lekin rejissyorni noqulay vaziyatda qoldirmaslik uchun filmlarning nomini sanab o`tishni istamasdim.  

6. Ba`zi xonanda va aktrisalarimiz sun`iy “go`zallik”ka ruju qo`yishgan. Sizda ham qosh terish, soch kesish, “botoks” turli xil sun`iy muolajalar qilish degandek rejalar yo`qmi? 

— Aslo! Gapingizda jon bor, ko`pchilik qizlar sun`iy go`zallikka ruju qo`yishyapti. Bu juda achinarli xolat. Axir yoshlikning o`zi tabiat in`om etgan go`zallik-ku! Hatto pardoz qilganda, u tabiiy chiqishiga e`tibor qaratish kerak.    

7. Siz shu paytga qadar qaysi rejissyorning filmida bir bor bo`lsa-da suratga tushishni istagansiz-u, bunga muvaffaq bo`lmagansiz?

- O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida o`qib yurgan kezlarim rejissyorlar Yolqin To`ychiev, Mirmaqsud Oxunov, Abduvoxid G`aniev, Hilol Nasimovning filmlarida ishlashni orzu qilardim. Shukr niyatimga etdim. Yaqinda Ayub Shahobiddinov hissa qo`shgan “Sadoqat” nomli filmda suratga tushdim. Lekin bu hisob emas (kuladi). Shu rejissyor bilan ishlash orzum hali amalga oshmadi.    

8. Ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifangizga “Chinakam baxt bu — sevgidan qurilgan oila. Ishq mas`uliyati bilan poydevori mustahkam, “meva”lari shirin”, deya izoh qoldirgansiz. Sevishga ulgurdingizmi, sevilishga-chi? 

— Sevilishga ulgurdim, menga ko`ngil qo`yganlarning tuyg`ularini hurmat qilaman. Lekin ko`nglimdagi insonni uchratmaganim bois ularga rad javobini berdim. Kattalarning orzu-havasi uchun oila qurish istagim yo`q. Niyatim oilam poydevori sevgi atalmish sof tuyg`uga qurilsa!   

9. Instagramdagi shaxsiy sahifangizda “Mingta “asalim, shakarim”, deydigan tulki dugonalardan ko`ra,  bitta jaydarisi yoningda bo`lsin!” deb izoh yozib qoldiribsiz. Dugonalardan “kuyganmisiz” deyman?

— Rosti, qizlardan samimiyatni izlashdan charchadim. Bu fikrim bilan atrofimdagi hamma nosamimiy deyish fikridan yiroqman. Odamga erish tuyuladigan gap-so`zlar menda salbiy taassurot qoldiryapti. Shu sabab erkakshoda, jaydari, chapani, dili va tili bir insonlar bilan do`stlashish qulayroq.  

Maxsus savol!

10. Shahzoda Muhammedova, aktrisa: — Oxirgi vaqtlarda ko`pchilik rejissyor va prodyuserlardan “Nargiza to`lishibdi, bosh rollarni taklif qilish haqida o`ylab qoldik”, degan gaplarni eshitdim. Shu fikrlarga chek qo`yib, avvalgi qomatingga qaytib barchani lol qoldirolasanmi?

(Istehzoli kulgu bilan) Ajoyib savol. Shukr ijoddan to`xtaganim yo`q. Siz bilan ham rejissyor Abduvoxid G`anievning yangi filmini suratga olish jarayonidan bo`shab suhbatlashyapman. Qolaversa, ko`plab kliplar, reklama roliklaridan takliflar tushyapti. Men ham sog`lom odamlar qatori biroz to`lishgan bo`lishim mumkin. Lekin qomatimdan norozi emasman, sport bilan ham muntazam shug`ullanaman. Ko`zguga qarab, tabassum bilan “dunyodagi eng go`zal, eng omadli insonman!” deyishning o`zi kifoya.    

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar