AsosiyShou-biznes

Xonandalarimiz xulq-atvoriga jiddiy ahamiyat berishi zarurligi ta`kidlandi

Kuni kecha Milliy matbuot markazida “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan “Yosh avlodning ma`naviy olami va uni  yuksaltirishda milliy estrada san`atining o`rni” mavzuida matbuot anjumani bo`lib o`tdi, deya xabar beradi "O`zbeknavo" estrada birlashmasi matbuot xizmati. 

Unda Milliy estrada san`atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi vakillari, Birlashma mas`ul xodimlari, taniqli san`atshunoslar, bastakorlar, shoirlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, estrada xonandalari ishtirok etishdi.

Sir emaski, bugungi kunda o`g`il-qizlar ko`proq estrada yulduzlariga har jihatdan taqlid qilib kamolga etmoqda. Bu esa xonandalar nafaqat o`z ichki va tashqi olami, balki tinglovchilari ma`naviyati uchun ham javobgar ekanligini anglatadi. Anjumanda shu haqida to`xtalarkan, Milliy estrada san`atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi raisi Iqbol Mirzo Prezidentimizning “Yuksak – ma`naviyat – engilmas kuch” asarida  estrada san`ati haqidagi fikr-mulohazalariga urg`u berdi. Jumaladan, ayrim yosh ijrochi va ijodiy guruhlarning jamoatchilik e`tiboriga taqdim etayotgan “asar”lari san`atning hech qanday talab va mezonlariga javob bermasligi, nafaqat mavzu va musiqa, ijro usullari, balki sahna harakatlarida ham ochiqdan-ochiq ajnabiy “ommaviy madaniyat” ko`rinishlariga taqlid qilish, “yulduzlik” kasaliga chalinish holatlari tez-tez uchrab turayotgani chinakam san`at muxlislarini ranjitmasdan qolmasligi, ayniqsa, bizning milliy an`analarimizga, axloq-odob qoidalariga mutlaqo to`g`ri kelmaydigan kliplar, turli tillardagi so`zlarni qorishtirib yoki talaffuzni ataylab buzib aytish kabi nomunosib harakatlarni ayrim yosh ijrochilar o`zi uchun qandaydir yangicha uslub deb bilayotgani, san`atni, uning mohiyati va ahamiyatini tushunmaslikdan boshqa narsa emasligini ta`kidladi.

O`rtaga tashlangan mavzu yuzasidan “O`zbeknavo” estrada birlashmasi direktori o`rinbosari Murodjon Majidov, taniqli san`atshunos Gulchehra Fayzieva, ustoz san`atkorlar Toir Qo`ziev, Azim Mullaxonov, Kozim Qayumov, bastakor Oydin Abdullaeva va boshqalar o`z mulohazalarini bildirdilar.

Anjumanda, shuningdek, estrada san`ati yoshlar ongi va qalbiga kuchli ta`sir ko`rsatayotgani, xonandalarimiz yanada mas`uliyatli bo`lishi, ijrosi bilangina emas, balki, tashqi ko`rinishi, xulq-atvori, sahnada o`zini tutishi, aytayotgan qo`shig`ining matni kabi masalalarga ham jiddiy ahamiyat berishi zarurligi ta`kidlandi. Afsuski, bu boradagi ahvolni ko`ngil to`ladigan darajada deb bo`lmasligi, ba`zan davlat va nodavlat teleridokanallarda, internet tarmog`ida, umumiy ovqatlanish shoxobchalaridagi reklama ekranlarida efirga uzatilayotgan qo`shiqlardagi matn sayozligi, ijrochilarning bachkana qiliqlari har qanday qalbi uyg`oq odamni tashvishga solishi aytib o`tildi.

 

    Boshqa yangiliklar