Kuni kecha poytaxtimizda O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda tadbirkorlik sub`ektlari, davlat idoralariga mobil ishlanmalar, tezkor aloqa qurilmalarini etkazib beruvchi yirik kompaniya hisoblangan Motorola Solutions bilan hamkorlikda radioelektron vositalardan foydalanishni tartibga solish jihatlariga bag`ishlangan seminar tashkil etildi.
Seminarda 100 dan ziyod, aloqa, axborotlashtirish, bank-moliya, sog`liqni saqlash, transport, sanoat ishlab chiqaruvchilari, xususan Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, «O`zbekenergo», «O`zbekneftegaz» va boshqa vazirlik-idoralar mutaxassislari ishtirok etdilar.
O`quvda Motorola Solutions kompaniyasining Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo bo`yicha bo`linmasi ekspertlari, O`zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federasiyasidagi hamkorlari qatnashdilar.
O`quv-seminarida Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat bojxona qo`mitasi, “O`zstandart” agentligi va boshqa idoralar mutaxassislarining mamlakatimizda radioelektron vositalardan, radiochastota polosalaridan foydalanish, telekommunikasiya sohasida lisenziyalash va ro`yxatga olish, radiotexnika qurilmalaridan foydalanish va buning uchun ruxsat olish hamda zarur hujjatlarga oid ma`ruzalari tinglandi.
Seminarning amaliy qismida Motorola Solutions mutaxassislari tomonidan raqamli radioaloqaning zamonaviy avlodi bo`lgan TETRA va MotoTRBO standarti imkoniyatlari, bugungi talab va ehtiyojga mos radiointerfeys va dasturiy ilovalari to`g`risida ma`lumot berildi.
Shuningdek, Motorola Solutions kompaniyasi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga mobil va simsiz aloqa yo`nalishlariga ixtisoslashgan o`quvlarda foydalanish uchun MotoTRBO tizimida ishlaydigan DMR (Digital Mobile Radio) raqamli radioelektron vositalarni taqdim qildi.





