AsosiyJamiyat

“Kitob bizni birlashtiradi” nomli kitobxonlar festivali tashkil etildi

Xalq ta`limi vazirligi tomonidan joriy yilning 15 may kuni G`ofur G`ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida “Kitob bizni birlashtiradi” nomli kitobxonlar festivali tashkil etildi, bu haqda Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabar beradi.

Mazkur festival Respublika bolalar kutubxonasi, Baynalmilal madaniyat markazi, G`.G`ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog`i hamda O`zbekiston yozuvchilari uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. Undan ko`zlangan asosiy maqsad yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat bolalari o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish, bu orqali Vatanni sevish, umummilliy qadriyatlarni yanada rivojlantirishdir.

Festival davomida yurtimizda faoliyat ko`rsatayotgan nashriyotlarning kitob-ko`rgazma savdosi tashkil etildi. Shuningdek, “Kitobxon maktab”, “Kitobxon oila”, “Yilning eng yaxshi kitobxoni”, “Zukko kitobxon” kabi ko`rik-tanlovlarida faol qatnashgan o`quvchilar vazirlikning esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi. Festivalga tashrif buyurgan o`quvchi-yoshlar o`zlarining sevimli yozuvchi-shoirlari bilan uchrashdilar. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millatlarning Milliy madaniyat markazlari bolalar badiiy jamoalarining chiqishlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo`ldi.

Ma`lumot uchun, xalq ta`limi tizimida 10 114 ta axborot-kutubxona muassasalari mavjud bo`lib, ularda 26 mln. nusxadan ortiq kitoblar, darslik va adabiyotlar mavjud.
 

    Boshqa yangiliklar