AsosiyJamiyat

Keksalarning uylari bepul ta`mirlanadi

“Men 1936 yilda tug`ilganman, I guruh nogironiman. Yurtboshimiz tashabbuslari bilan bu yil “Keksalarni e`zozlash yili” deb e`lon qilindi. O`g`lim yo`q. 1960 yilda solingan imoratlarim yomg`irda yomon ahvolga kelib yiqilib qolgan. Men kabi keksalarga uyimni ta`mirlashga biror imtiyozlar bormi?”

Chinni Rajabova,

Buxoro viloyati G`ijduvon tumani

Yangiobod  QFY

Joriy yil Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda “Keksalarni e`zozlash yili” deya nomlanishi bilan yoshi ulug`larga yanada hurmat ko`rsatish, e`tibor qaratish uchun bir qator chora-tadbirlar belgilandi. O`tgan sonlarimizda ularning ayrimlari haqida ma`lumot bergandik. Bugungi sahifamizda esa mushtariy murojaatini inobatga olgan holda yoshi ulug`larning turar joy sharoitlarini yaxshilash, ta`mirtalablariga hashar yoki homiylik asosida yordam ko`rsatish qay tartibda amalga oshirilishiga to`xtalib o`tamiz. Savollarimizga “Maxalla” hayriya jamoat Fondi Respublika boshqaruvi bosh mutaxassisi Elmurod Qarshievdan javob oldik.

— Elmurod Ahmedovich, ayting-chi, mushtariyni qiziqtirgan imtiyozlar qay tartibda amalga oshiriladi? Uyi ta`mirga muhtoj ana shunday keksalar qaerga murojaat qilishlari mumkin?

— Darhaqiqat dasturda 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari, shuningdek, yolg`iz va ijtimoiy madadga muhtoj keksa kishilarning 2015-2017 yillarda uy-joy sharoitlarini yaxshilashning hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish borasida quyidagilar nazarda tutiladi:

“Mahalla” fondi va “Nuroniy” jamg`armasi, mahalla aholisi, ayniqsa yoshlar, homiylar va sahovatpeshalarning faol ishtirokida har bir mahallada kamida bir nafar faxriyni (hammasi bo`lib bir yilda 10 ming kishiga yaqin) qamrab olgan holda 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari va nogironlarining, shuningdek, yolg`iz va ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga muhtoj keksalarning kvartiralari va uylarini respublika bo`yicha hashar yo`li bilan joriy ta`mirlash, zarur hollarda esa mukammal ta`mirlashni, hovlilarni obodonlashtirishni nazarda tutgan holda ularning turar-joy sharoitlarini yaxshilash ko`zda tutilgan.

Shu sababli uylari ta`mirga muhtoj keksalarimiz o`zlari yashab turgan Mahalla fuqarolar yig`iniga murojaat qilishlari lozim. Mahalla fuqarolar yig`ini kengashi bir oyda bir marotaba mana shunday masalalarni ko`rib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.

— Keksalarimizni uylarini ta`mirlash shartlari bilan tanishtirib o`tsangiz?

— Buning hech qanday alohida shartlari yo`q, sababi bu Davlat dasturida aniq belgilab berilgan. Bayramlarda keksalarning holidan xabar olgani borgan mahalla faollari ularning yashash ahvoli va sharoiti bilan tanishib, zarur xulosaga kelishi va albatta unga yordamini berishi lozim.

— Ta`mirlash ishlari qanday mablag`lar hisobida amalga oshiriladi?

— Ta`mirlash ishlari “Mahalla” jamoat fondi mablag`lari, xususan homiylar va saxovatpesha insonlarni jalb qilish yo`li bilan amalga oshiriladi.

— Yil oxirigacha qancha keksalarning uylarini ta`mirlash ko`zda tutilgan?

— Uylarni ta`mirlash yuzasidan aniq raqam belgilanmagan, sababi ayni paytda qancha keksaning uylari ta`mirtalab ekanligini aniq aytib bo`lmaydi. Bularning hammasi bosqichma-bosqich, ular uyining ahvoliga qarab navbatma-navbat amalga oshiriladi.

— Mahalla fuqarolar yig`iniga murojaat qilgan keksalarga rad javobi berilgan yoki ularning talabi qanoatlantirilmagan hollarda qaerga murojaat qilish mumkin?

— Yuqorida ta`kidlanganidek, agar uyi ta`mirga muhtoj yoshi ulug`lar o`zi yashab turgan mahalla fuqarolar yig`iniga murojaat qilsa-yu, murojaatlar befarq qoldirilgan taqdirdaMahalla” xayriya jamoat fondining tuman bo`linmalariga murojaat qilishi mumkin.

  • MAVZUGA OID

“BOBOMGA QAChON TELEVIZOR BERIShADI?”

Gazetaning o`tgan sonlarida “Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturi doirasida 1941-1945-yillardagi urushning har bir qatnashchisi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan analogli va raqamli televidenie signallarini qabul qiladigan televizorlar, O`zbekistonda ishlab chiqarilgan mobil telefon apparati bilan bepul ta`minlanishi haqida o`qigandim. Mening bobom ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, I guruh nogironi, ularga hozircha televizor va telefon kabi sovg`alar olib kelishgani yo`q. Ushbu masalada qaerga murojaat qilsa bo`ladi?

Odina Akmalova, Samarqand viloyati

Paxtachi tumani “Taraqqiyot” mahallasi

Eslatma: Ushbu murojaat 9 may – Xotira va qadrlash kunidan ilgari qabul qilingan.

  • Bugungi kunda “Keksalarni e`zozlash yili” davlat dasturi doirasida 1941-1945-yillardagi urushning har bir qatnashchisini yurtimizda ishlab chiqarilgan televizorlar va mobil telefon apparatlari bilan bepul ta`minlash ko`zda tutilgan. Har bir urush qatnashchisi ro`yhatga kiritilgan bo`lib, ushbu sovg`alar bayram arafasida fahriylarga etkazilishi  belgilangan. Agar mabodo u yoki bu sababga ko`ra, ushbu sovg`alar belgilangan muddatda sizga  etib bormagan bo`lsa, o`z hududingizdagi “Mahalla” xayriya jamoat fondi bo`limlariga murojaat qilish maqsadga muvofiq bo`ladi.

RAQAMLAR TILGA KIRGANDA

  • «Keksalarni e`zozlash yili» Davlat dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi choragida barcha manbalar hisobidan qariyb 593 milliard so`m yo`naltirildi.
  • Jumladan, 178 nafar yolg`iz keksalarning uy-joyini ta`mirlash uchun 108,8 million so`m sarflandi, «Sog`lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tomonidan «Muruvvat» va «Saxovat» uylarida yashayotgan keksa yoshli kishilar va nogironlarga umumiy qiymati 57,8 million so`mlik oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va poyabzal, dori-darmonlar ajratildi.
  • Yil boshidan buyon 63 ming nafardan ziyod urush va mehnat fronti faxriysi terapiya, nevrologiya, kardiologiya, urologiya, xirurgiya, oftalmologiya, otorinolaringologiya kabi etti muhim yo`nalishda chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi.
  • “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashovchi keksa va nogironlarni ma`naviy va moddiy qo`llab-quvvatlash maqsadida 147 mln. so`m miqdoridagi mavsumiy kiyim kechak, ko`rpa-to`shak jildlari jamlamasi va shaxsiy gigiena vositalari bilan ta`minlandi.
  • 11 mingdan ortiq urush va mehnat fronti faxriylari, yolg`iz keksalar, pensioner va nogironlarning 299 ming 560 m2 uy-joylari ta`mirlab berildi.
  • Bayram va shonli sanalarda 9135 nafar keksa va nogironlarga 14 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
  • «Keksalar duosini olaylik» shiori ostida mahallalarda o`tkazilgan tadbirlar davomida 3460 nafardan ortiq ijtimoiy yordamga muhtoj keksalar holidan xabar olinib, sovg`a-salomlar berildi.
  • Dastur doirasida “Hech kim mehr va e`tibordan chetda qolmasin” shiori ostida 1230 nafar urush va mehnat fronti faxriylari, pencionerlar va nogironlarga uy-ro`zg`or buyumlari va kiyim-kechaklar mahsulotlari tarqatildi.
  • “Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturi hamda “Mahalla” fondi Ish rejasida belgilangan tadbirlar ijrosini ta`minlash maqsadida 2 mlrd. 515 mln. so`mdan ortiq Fond mablag`lari hisobiga amalga oshirildi.

    Boshqa yangiliklar