15 may kuni «O`zbekkino» milliy agentligida o`zbek multplikasiyasi muammolari va istiqbollariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Unda «O`zbekkino» Milliy agentligi rahbariyati hamda manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillari ishtirok etishdi.
Yig`ilishda multplikasiya sohasini rivojlantirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar olib borilayotganligi, jumladan davlat tomonidan har yili 10ta qisqa metrajli multplikasion filmni suratga olish uchun tegishli mablag` ajratilayotganligi ta`kidlandi hamda bu muhim vazifalarni amalga oshirish bo`yicha qilinadigan ishlar kelishib olindi.
Ayni vaqtda «O`zbekfilm» AJ qoshidagi multstudiya faoliyatida bir qator muammolar ko`zga tashlanayotgani, bu muammolar esa multplikasiya sohasida belgilangan vazifalarni to`laqonli amalga oshirish, jahon talablariga javob beradigan, raqobatbardosh hamda qiziqarli multplikasion va animasion filmlarni suratga olishga to`siq bo`layotgani qayd etildi.
Tadbirda O`zbekiston multplikasiyasi tarixi va bugungi kuni, jumladan, uning joriy muammolari haqida gapirilib, ayni vaqtdagi kamchiliklarni bartaraf etish va yuqori sifatli multplikasion mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yosh kadrlarni tizimli ravishda tayyorlashni yo`lga qo`yish, xususan, ularni malaka oshirish uchun xorijga yuborish, «O`zbekfilm» AJ qoshidagi multstudiya moddiy-texnik bazasini tubdan yaxshilash, ishlab chiqarish binosini rekonstruksiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, multstudiya xodimlari va ijodkorlarini moddiy-moliyaviy rag`batlantirish shartlarini zamon talablaridan kelib chiqqan holda qayta ko`rib chiqish zarurligi aytildi.





