AsosiyJamiyat

Evropacha ko`cha sirk san`ati O`zbekistonda

Germaniya Federativ Respublikasi va Fransiya Respublikasining O`zbekistondagi elchixonalari hamda Toshkentdagi Gyote instituti “O`zbeksirk” Respublika birlashmasi bilan hamkorlikda va “Elisey” shartnomasi fondi dasturlari doirasida Toshkent, Farg`ona va Andijon shaharlarida ochiq osmon ostidagi sirk san`ati tomoshalari loyihasini tashkillashtirishmoqda.

Loyihada Fransiyadan uch nafar dorboz (Xloe Mura, Mario Kolle i Mate Ibon) va Germaniyadan ikki nafar akrobat (Kira Paas i Anders Yensen), shuningdek, Toshkent sirkidan bir nechta artistlar ishtirok etishadi. Ochiq osmon ostida akrobatlar, dorbozlar va boshqa artistlar ishtirokida turli-tuman sirk tomoshalari taqdim etiladi.

Besh kun davomida o`tkaziladigan birgalikdagi mashg`ulotlar natijasi o`laroq yaratiladigan «SIRK.UZ» nomli sirk tomoshasida artistlar o`z mahoratlarini tomoshabinlar e`tiboriga havola qilishadi.

Ushbu tomosha ilk bor 21 may kuni soat 18:00 da O`zbekiston Davlat sirki oldidagi maydonda bo`lib o`tadi. Shundan keyin mazkur dastur 23 may kuni soat 18:00 da Farg`ona shahri Qirguli mavzesidagi “Kimyogar” nomli madaniyat va istirohat bog`ida, shuningdek, 24 may kuni soat 18:00 da Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida namoyish etiladi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida germaniyalik va fransiyalik artistlar Toshkent shahridagi Respublika estrada va sirk kolleji o`quvchilariga sirk san`ati borasida mahorat darslari o`tishadi.

Mazkur loyihada turlicha epchil harakatlar, ohanglar, kayfiyatlar, badiiy va milliy shakllar orqali ko`cha sirki san`atining ajoyib namunalari o`zbekistonlik tomoshabinlarga taqdim etiladi.

Ma`lumot o`rnida: 2003 yilda Elisey shartnomasi imzolanganining 40 yilligi munosabati bilan Fransiya va Germaniya o`rtasida do`stlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Uchinchi davlatlarda madaniy loyihalarni qo`llab-quvvatlash fondiga asos solindi. Mazkur dastur Fransiya va Germaniyaning o`zaro munosabatlari qay darajada mustahkamligini amalda ko`rsatishga qaratilgan. Fond ikkala davlat mablag`lari asosida moliyalashtiriladi. 

    Boshqa yangiliklar