AsosiyJamiyat

Yurtboshimiz tashabbusi bilan uzunligi qariyb 500 metr bo`lgan zamonaviy ko`prik bunyod etildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi, deya xabar beradi O`zA.

Xadra maydonida 2013 yili ulkan qurilish-ta`mirlash ishlari amalga oshirilgan edi. Aholi va transport vositalarining harakatlanishi uchun qulay imkoniyat yaratish maqsadida Furqat ko`chasini Zarqaynar va Sebzor ko`chalari bilan bog`laydigan er osti avtomobil yo`li rekonstruksiya qilingandi. Buning uzviy davomi sifatida Sebzor ko`chasi bo`ylab Abdulla Qodiriy ko`chasi ustidan o`tadigan yangi ko`prik qurildi. 

Prezidentimiz Islom Karimov ushbu ko`prikni borib ko`rdi.  

Ilgari bu chorrahada ikkita katta ko`cha kesishar, oqibatda tirbandlik yuzaga kelib, haydovchi va yo`lovchilarning ortiqcha vaqt yo`qotishiga, yoqilg`i sarfi oshib, atrof-muhit ifloslanishiga sabab bo`lardi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu erda eni 26, uzunligi qariyb 500 metr bo`lgan zamonaviy ko`prik bunyod etildi. Abdulla Qodiriy ko`chasining har bir yo`nalishi to`rt polosali qilib kengaytirildi. 

Shu paytgacha Sebzor ko`chasining o`tkazuvchanlik imkoniyati soatiga 3200 avtomobilni tashkil etgan bo`lsa, 6 qatorli ko`prik qurilishi samarasida bu ko`rsatkich 9800 taga etadi. Abdulla Qodiriy ko`chasida ham endi avtomobillar qatnovi 2400 tadan 5600 taga ortadi. Bu nafaqat ushbu chorrahadagi tirbandlikni bartaraf etadi, balki Nurafshon, Abay, Olmazor, Zulfiyaxonim, Qorasaroy, Sag`bon, Zarqaynar, Navoiy, Saqichmon ko`chalaridagi qatnovga ham ijobiy ta`sir qiladi. 

E`tiborlisi, shunday katta chorrahada bironta ham svetofor yo`q. Yo`lovchilar ham, avtomobillar ham bu erda to`xtovsiz va xavfsiz harakatlana oladi. 

Ushbu yangi inshoot “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi hamda “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli “Ko`prikqurilish” tresti tomonidan bunyod etilgan. Xorijning eng zamonaviy texnologiyalari va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan foydalanilgan. 

Prezidentimiz bu erda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, yo`lsoz va quruvchilarning mehnatiga yuksak baho berdi. 
 

 

    Boshqa yangiliklar