AsosiyJamiyat

Giyohvandlikka qarshi kurashish mavzuida xalqaro konferensiya o`tdi

Poytaxtimizda «Narkotiklar tarqalishiga qarshi kurashish va profilaktika choralari: milliy va xorijiy tajriba» mavzusida xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi.

Anjuman O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi va Germaniyaning K.Adenauer nomidagi jamg`armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi, deya xabar beradi O`zA.

Mamlakatimizda  giyohvandlikning oldini olish bo`yicha zamonaviy uslublarni joriy etish va ulardan foydalanish, giyohvandlik balosiga chalingan odamlarni davolash hamda reabilitasiya qilish tizimi yaratilib, muntazam takomillashtirilayotir.

Bunday keng ko`lamli ishlar huquqni muhofaza qilish organlari, davolash muassasalari, jamoat tashkilotlari, yoshlar birlashmalari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari hamkorligida bajarilmoqda.

Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasida muhim yo`nalishlardan biridir. Bu borada o`zaro anglashuv to`g`risida o`ttizdan ziyod tegishli bitim va memorandum imzolangan.

Xalqaro hamkorlik samarasida narkotik moddalar kontrabandasining oldi olinmoqda. Chegara-bojxona postlari zamonaviy stasionar va ko`chma skaner qurilmalari, boshqa nazorat uskunalari bilan jihozlangan. Mamlakatimiz mutaxassislari kasb malakasini muntazam oshirmoqda.

Konferensiyada Germaniyaning aholiga narkologik yordam ko`rsatish, zamonaviy profilaktika texnologiyalarini joriy etish va ulardan foydalanish, giyohvandlikka mubtalo bo`lgan bemorlarni davolash hamda reabilitasiya qilish, ma`rifiy, davolash-reabilitasiya va huquqni muhofaza qilish tadbirlarini muvofiqlashtirilgan holda o`tkazish tizimini rivojlantirish borasidagi tajribasi haqida so`z yuritildi. 

Konferensiya doirasida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi va K.Adenauer nomidagi jamg`armaning mamlakatimizdagi vakolatxonasi o`rtasida hamkorlik to`g`risida bitim imzolandi.

 

    Boshqa yangiliklar