AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ikkita yirik ko`rgazma ish boshladi

“O`zekspomarkaz”da “O`zbekiston neft va gazi – OGU-2015” XIX xalqaro ko`rgazmasi va “Energetika – Power Uzbekistan – 2015” X xalqaro ixtisoslashtirilgan ko`rgazmasi ochildi. 

Ko`rgazmalar “O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, “O`zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Savdo-sanoat palatasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko`rgazmalar kompaniyasi tomonidan “ITE” kompaniyalar guruhi bilan hamkorlikda tashkil etildi, deya xabar beradi O`zA. 

An`anaviy o`tkazib kelinayotgan “O`zbekiston neft va gazi – OGU – 2015” va “Energetika – Power Uzbekistan – 2015” xalqaro ko`rgazmalari mamlakatimiz yoqilg`i-energetika kompleksida yangi loyihalarni amalga oshirish hamda sohaga chet el investisiyalarini jalb etishga xizmat qilmoqda. 

Joriy yilda “O`zbekiston neft va gazi – OGU” xalqaro ko`rgazmasi ishtirokchilari soni kengaydi. Ko`rgazmada Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstriya, Belgiya, Polsha, Niderlandiya, Italiya, Chexiya, Sloveniya, Ukraina, Janubiy Afrika Respublikasi, Turkiya kabi davlatlardan 200 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda. 

“O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi jahon uglevodorodlar bozorida egallab turgan mavqeini yil sayin mustahkamlab borayotir. Ayni paytda import o`rnini bosadigan va eksportga mo`ljallangan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Nufuzli xalqaro kompaniyalar va sohaning etakchi ekspertlari “O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bilan muzokaralar o`tkazish va tajriba almashish maqsadida yurtimizga tashrif buyurmoqda. Bu yirik va istiqbolli loyihalarning hayotga muntazam tatbiq etilayotgani, ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy va yuqori texnologiyali yondashuvlarning joriy qilinayotgani samarasidir. 

Joriy yilda ko`rgazmaga o`ttizga yaqin kompaniya va qo`shma korxona taklif etildi. Ular xorijlik hamkasblariga o`z ishlanma va innovasiyalarini namoyish etmoqda. 

Ko`rgazma doirasida xalqaro konferensiya ham bo`lib o`tdi. Unda sohaga oid jahon miqyosidagi yangi tendensiyalar, mamlakatimiz neft-gaz sanoatini rivojlantirish masalalari, xalqaro hamkorlikning muvaffaqiyatli tajribasi va yangi imkoniyatlari, yurtimiz neft-gaz sanoatidagi loyihalarni moliyalashtirish va boshqa dolzarb mavzular muhokama etildi. Ushbu tadbirning jahon uglevodorodlar bozoridagi ahamiyati va yuqori samaradorligi inobatga olingan holda unga “Global Oil&Gas Uzbekistan” deb nom berildi. Bu esa, o`z navbatida, konferensiya yuksak xalqaro maqomga ega bo`layotgani va uning ishtirokchilari soni kengayib borayotganidan dalolat beradi.

“O`zbekiston neft va gazi – OGU – 2015” xalqaro ko`rgazmasi bilan bir maydonda energetika, energiyani tejash, muqobil energiya manbalari sohasidagi eng so`nggi yutuqlar namoyish etilayotgan “Energetika – Power Uzbekistan – 2015” xalqaro ko`rgazmasi ham bo`lib o`tmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz energetika tizimlarini modernizasiya qilish borasidagi loyihalarni amalga oshirish davom ettirilayotgani, chet el investisiyalari keng jalb etilayotgani ushbu tadbirning dolzarbligini tasdiqlaydi. O`tgan o`n yil mobaynida Markaziy Osiyo mintaqasida energetika tarmog`ining ushbu nufuzli ko`rgazmasi samarali hamkorlikni yo`lga qo`yish uchun qulay maydonga aylandi. Bu erda mutaxassislar mamlakatimiz va dunyoda energetika tarmog`ini rivojlantirishga oid so`nggi ma`lumotlar bilan tanishishi, tajriba almashishi, shuningdek, uchrashuv va muzokaralar davomida yangi aloqalar o`rnatishi mumkin. 

Joriy yilda ko`rgazmada Xitoy, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Hindiston, Shvesiya, Turkiya va boshqa mamlakatlardan 40 dan ortiq kompaniya ishtirok etayotir. 

“O`zbekiston neft va gazi – OGU – 2015” va “Energetika – Power Uzbekistan – 2015” xalqaro ko`rgazmalari mamlakatimiz neft-gaz va energetika salohiyatini namoyish etish uchun qulay maydon, shuningdek, eng zamonaviy ishlanma va texnologiyalarni joriy qilish, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yangi investisiyalarni jalb etish uchun samarali vositadir. 

 

 

    Boshqa yangiliklar