«Keksalarni e`zozlash yili» Davlat dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi choragida barcha manbalar hisobidan qariyb 593 milliard so`m yo`naltirildi, deya xabar beradi O`zA.
Jumladan, 178 nafar yolg`iz keksalarning uy-joyini ta`mirlash uchun 108,8 million so`m sarflandi, «Sog`lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tomonidan «Muruvvat» va «Saxovat» uylarida yashayotgan keksa yoshli kishilar va nogironlarga umumiy qiymati 57,8 million so`mlik oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va poyabzal, dori-darmonlar ajratildi.
Sanatoriy-sog`lomlashtirish muassasalari va keksa yoshdagi kishilarga xizmat ko`rsatishga ixtisoslashtirilgan ijtimoiy xizmat ko`rsatish muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida «Turon» (Toshkent shahri), «Havotog`» (Jizzax viloyati), «Chimyon» (Farg`ona viloyati), «Sitorai Mohi Xosa» (Buxoro viloyati), «Kosonsoy» (Namangan viloyati) sanatoriylari, «Ahmad al-Farg`oniy» (Farg`ona viloyati) dam olish uyida umumiy qiymati 5,1 milliard so`mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi.
Joriy yil boshidan buyon 63 ming nafardan ziyod urush va mehnat fronti faxriysi terapiya, nevrologiya, kardiologiya, urologiya, xirurgiya, oftalmologiya, otorinolaringologiya kabi etti muhim yo`nalishda chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi.





