Poytaxtimizda O`zbekiston ftiziatrlari va pulmonologlarining VIII s`ezdi bo`lib o`tmoqda.
Anjuman O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, O`zbekiston ftiziatrlari va pulmonologlari ilmiy-tibbiyot jamiyati hamkorligida tashkil etildi.
Unda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti vakillari, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Italiya, Niderlandiya, Fransiya, Chexiya kabi yigirmaga yaqin mamlakatdan besh yuzdan ziyod olim, shifokor hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etmoqda, deya xabar beradi O`zA.
Tadbirda ta`kidlanishicha, bugungi kunda yurtimizda ushbu sohadagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Jahon tibbiyotining ilg`or usullari va vositalaridan samarali foydalanilmoqda. Natijada mamlakatimizda silni davolash samaradorligi 87 foizga etgan. Jahon miqyosida ushbu ko`rsatkich 85 foizni tashkil etadi.
Sil kasalligi ijtimoiy xavfi yuqori xastaliklar toifasiga kiradi. Bu dardga chalinganlar uzoq muddatli tibbiy-ijtimoiy ko`makka ehtiyoj sezadi. Mamlakatimizda bunday bemorlar davlat muhofazasiga olingan. Ularga barcha tibbiy xizmatlar bepul ko`rsatiladi, dori-darmonlar bepul beriladi. Bunday chora-tadbirlar samarasida mamlakatimizda sil bo`yicha epidemiologik vaziyat yaxshi saqlanmoqda.
Tadbirda ta`kidlanishicha, keyingi o`n yilda bu borada o`lim ko`rsatkichi uch marta, kasallanish deyarli ikki barobarga kamaydi. Bemorlarni sog`lomlashtirish muddati 8-10 oydan ikki oygacha qisqardi.





